BTA: Bolgariya Xitoy sarmoyadorlarini jalb etmoqda
Bolgariya Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot, sarmoya va sanoat vaziri Aleksandr Pulev Syamin shahrida Futszyan muzofoti rahbariyati bilan muzokara o‘tkazib, xitoylik tadbirkorlarni o‘z mamlakatiga sarmoya kiritishga chaqirdi. Bolgariya biznes delegatsiyasi rahbari sanoat, qishloq xo‘jaligi, elektronika va yashil texnologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbolini yuqori baholagan.
Ayniqsa, avtomobil sanoati iqtisodiy aloqani rivojlantirishda muhim yo‘nalish sifatida e’tirof etildi. Tashrif davomida Pulev yirik avtobus va elektromobil ishlab chiqaruvchi “King Long” korxonasida bo‘lib, 4-darajali o‘zi boshqariladigan tizimga ega elektrobuslar bilan tanishdi. U kompaniya rahbariyatini Bolgariyadagi sanoat hududlarini borib ko‘rish hamda yuqori texnologiya va smart-transport sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirishga taklif etdi.
Yalpi hududiy mahsuloti 900 milliard dollardan oshadigan Futszyan Xitoyning eng jadal rivojlanayotgan, asosan eksportga yo‘naltirilgan sanoat markazlaridan biridir.
Darvoqe, Aleksandr Pulev tez orada Pekinda o‘tkaziladigan Bolgariya bilan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya 19-yig‘ilishida hamraislik qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA