Bozorda tuxum va tovuq go‘shti narxi keskin oshib ketmasligi ortida ko‘p omillar turadi
Qaror va ijro
Jahon tajribasiga nazar tashlaymiz. Parrandachiligi rivojlangan bir qator mamlakatlarda muvaffaqiyatning asosiy siri genetik mustaqillik sanaladi. Ularda yuqori ozuqa samaradorligi va chuqur kooperatsiya zanjiriga tayanilgan. Dunyoga mashhur genetika gigantlari yillar davomida ilmiy seleksiya orqali kam ozuqa sarflab, qisqa muddatda yuqori go‘sht va tuxum beradigan nasldor parranda liniyalarini yaratgan.
Ko‘p davlatlarda esa aynan shunday mustahkam tizimning yo‘qligi masalaning eng nozik nuqtasi sanaladi. Bunda tadbirkorlar inkubatsion tuxum va nasldor parrandalarni to‘liq xorijdan olib kelishga majbur bo‘ladi. Bu esa valyuta tebranishlari, chegara va logistika cheklovlari paytida narxlarning asossiz o‘sishiga olib kelardi. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan tizimli islohotlar tufayli shu kabi muammolarga mustahkam yechim topilmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish borasida bu tarmoqning o‘rni juda katta.
Parranda go‘shti va tuxum inson organizmi uchun eng zarur bo‘lgan yengil hazm bo‘luvchi oqsil, vitamin va mikroelementlar manbai hisoblanadi. Bu tarmoq rivojlansa, natija aholi dasturxonining to‘kinligida, ichki bozorda narxlarning barqarorlashuvida hamda hududlarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Prezidentimizning 2024-yil 27-iyundagi “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan ushbu strategik tarmoqni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu hujjat sohadagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng yo‘l ochgan va narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yaxlit harakatlar dasturidir.
Iqtisodiyot va tadbirkorlik muhiti uchun ushbu qarorning eng asosiy ahamiyati shundaki, u parrandachilikda genetik mustaqillik va mustahkam kooperatsiya zaminini yaratib berdi. Hujjat qabul qilinishi bilan respublikamizning qator tumanlarida reproduktor naslchilik korxonalari, shuningdek, milliy naslchilik bazasini shakllantirishga kirishildi. Bu bilan final-gibrid jo‘jalarni yetishtirish va yuz minglab tonna omuxta yem hamda parranda go‘shtini chuqur qayta ishlash quvvatlarini barpo etishga keng imkoniyat ochildi.
Tadbirkor uchun bu qaror moliyaviy resurs, soliq imtiyozlari va eng muhimi, kafolatlangan biznes modeli bo‘ldi. Bu yangi ish boshlayotgan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga tayyor infratuzilmaga ega bo‘lish, kredit va sug‘urta polislari vositasida risklarni kamaytirish hamda bozorda o‘z o‘rnini topish imkonini bermoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan ushbu ezgu islohotlarning hayotiy va yorqin ifodasini Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Uychi parranda” korxonasi misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Naslli tuxum yetishtirish, inkubatsiya qilish va go‘sht ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi ushbu yirik investitsiya loyihasi hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar tarmoqni sanoatlashtirish borasidagi istiqbolli drayverlardan biridir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida aynan ushbu tadbirkorlik sub’ekti faoliyati bilan atroflicha tanishib, uning tajribasini yuqori baholadi.
– Prezidentimizning o‘zi kelib, faoliyatimiz bilan tanishgani bu tarmoqqa qay darajada yuqori e’tibor bo‘layotganini anglatadi, – deydi korxona rahbari Odil Rahmatov. – Ushbu zamonaviy majmuada Vengriyaning jahonga mashhur “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuq intensiv usulda parvarishlanmoqda. Korxonamizning oddiy xo‘jaliklardan bosh ustuvorligi inkubatsiya jarayonidan boshlab tayyor go‘sht mahsulotlari yetishtirishgacha bo‘lgan to‘liq sanoat siklini qamrab olganidadir. Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar naslchilik yo‘nalishida kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olish va inkubatorlar orqali 50 ming bosh jo‘ja ochirish imkonini bermoqda. Nasldor tuxumning donasi bozorda o‘rtacha 5500 so‘mdan baholanishi hisobiga faqat ushbu tarmoqdan oladigan kunlik tushumimizni hisoblash qiyin emas.
Loyihaning go‘sht yetishtirish tarmog‘i ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45–50 kun ichida parvarishlanib, bir siklda 120 tonna parranda go‘shti olinadi. Mahsulotning bir kilogrammi o‘rtacha 20 ming so‘mdan baholanib, birgina siklning o‘zida 2,4 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanadi. Bunday jarayonni yil davomida 4-marta uzluksiz tashkil etish imkoniyati mavjud.

Ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslari barpo etilishi belgilangan. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 million boshga yetib, loyiha doirasida qo‘shimcha 500 nafar, kengaytirilgan kooperatsiya tizimi orqali esa jami mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ahamiyatlisi shundaki, “Uychi parranda” korxonasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun Farg‘ona vodiysi bozorlarida parranda go‘shti va tuxum narxi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, xorijga eksport hajmi ham keskin ortadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu jarayonda tadbirkor ham, davlat ham, oddiy xalq ham birdek manfaat ko‘rmoqda. Tadbirkor kafolatlangan, daromadli va zamonaviy biznesga ega bo‘lmoqda. Davlat mamlakatning oziq-ovqat mustaqilligini mustahkamlab, eksport hajmini va soliq tushumlarini oshirmoqda. Oddiy xalq esa dasturxonida har kuni sifatli, arzon va to‘yimli mahsulotni ko‘rmoqda. Yangi ish o‘rinlari hisobidan oilalarga daromad kiryapti. Qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi aynan shunday hayotiy natijalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Ikrom AVVALBOEV
O‘zA muxbiri