Bolalar xursand bo‘lishdi
Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. “Mustaqillik sovg‘asi: mehr, ishonch va tabassum” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirga jazo muddatini o‘tayotgan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, afv etilgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari taklif etildi.
Tadbirda qariyb ming nafar bolajon ishtirok etdi.
Bayram dasturining dastlabki manzili Qarshi shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bo‘ldi. Bolalar bu yerda yurtimiz mustaqilligi va ozodligi yo‘lida kurashgan, jon fido etgan ajdodlarimiz hayoti va taqdiri, tarixiy voqealar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Muzeydagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning og‘ir va murakkab tarixiga oid dalillar bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng bolajonlar uchun Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida madaniy-ma’rifiy dastur tashkil etildi. Teatr sahnasida spektakl namoyish qilinib, bolalarga bayramona kayfiyat ulashildi.

– Bugungi tadbir davlatimizning “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi”, degan ezgu tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Jamiyat va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor farzandlarimizning porloq kelajagiga xizmat qilishi barobarida, oilaviy totuvlik va mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova.

Tadbir davomida bolalar uchun turli ko‘ngilochar dasturlar, madaniy tadbirlar va bayramona sovg‘alar ham tashkil etildi.
E’tiborlisi, bunday tadbirlar bolalarga oddiy bayram kayfiyati ulashish bilan cheklanmay, ularda Vatanga muhabbat, tarixga hurmat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ularning farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mehr-saxovat tadbirlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri