Bolalar kamoli, oilalar farovonligi
Farzand parvarishi — katta mas’uliyat. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalar uchun bu jarayon kundalik e’tibor va vaqtni talab etadi. Kunduzgi parvarish xizmatlari esa bunday oilalarga ko‘mak berish, bolalarning rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratish va ota-onalarning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi Madaniyat mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan kunduzgi parvarish markazi bu boradagi amaliy tashabbuslardan biridir. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda xususiy sherik hamkorligida faoliyat yuritayotgan markazda ayni paytda nogironligi bo‘lgan 12 nafar bolaga ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bu yerda tarbiyalanuvchilarning yoshi, salomatligi va individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, parvarish, reabilitatsiya hamda rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Bunday yondashuv bolalarning mavjud qobiliyatlarini rivojlantirish, ijtimoiy muhitga moslashish va mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Markaz faoliyatining ahamiyati bolalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilangina cheklanmaydi. U ota-onalar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jumladan, farzandlari kunduzgi parvarish xizmatiga jalb etilgan uch nafar ota-ona tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, yana besh nafari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan. Bu raqamlar kunduzgi parvarish xizmatlari oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, ota-onalarning mehnat faoliyatiga qaytishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun ham sharoit yaratayotganini ko‘rsatadi.
— Bolalarning salomatligi va rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Eng muhimi, avval, farzandining parvarishi sababli mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ota-onalar bugun o‘z kasbiga qaytish va mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda, — deydi kunduzgi parvarish xizmati tarbiyachisi Surayyo Shodiyeva.

Toshkent viloyatida bunday xizmatlar qamrovi ham izchil kengaymoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar shahar va tumanlarda 21 ta kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan. Ushbu markazlar orqali 318 nafar bola ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Ularni parvarishlash uchun davlat tomonidan jami 3 milliard 939 million 759 ming so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
E’tiborlisi, kunduzgi parvarish xizmatlari bolalarning rivojlanishi va ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish bilan birga, ota-onalarga ham o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini bermoqda. Bu esa inklyuziv jamiyatni shakllantirish va ijtimoiy himoyaning manzilliligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
A.Musayev, O‘zA