Mas’ullar chorvadorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda jami 21,1 million gektar yaylov maydoni mavjud bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash hamda ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha muhim tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbirda yaylovlarni tiklash, ularning hosildorligini oshirish va chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi. Kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan ishlar va loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Hududlar vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni hal etish yondashuvlarini muhokama qildi. Bu muloqot yaylov xo‘jaliklari rahbarlari, chorvador va tadbirkorlar o‘rtasida keng ko‘lamli amaliy tajriba almashish imkonini berdi.
Tadbir davomida Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi mas’ullari chorvadorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi. Ularning murojaat va takliflari tinglanib, yaylovlardan foydalanish, suv ta’minoti hamda ozuqa yetishtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Prezidentning yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Savol-javob davomida ishtirokchilar qaror yuzasidan batafsil tushuntirishlar oldi.
Seminarning amaliy qismida dronlar yordamida yaylovlarga ishlov berish va urug‘ sepish texnologiyalari taqdim etildi. Yaylov o‘simliklari qoplamini tiklashda ushbu qurilmalardan foydalanish imkoniyatlari namoyish qilindi.
Shuningdek, PIVOT usulidagi suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi orqali ozuqa ekinlarini yetishtirish tajribasi ko‘rsatildi. Ishtirokchilar yaylovlar degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan ishlar va chorvachilik loyihalari bilan tanishdi.
Seminar bajarilgan ishlarni tahlil qilish, istiqboldagi rejalarni muhokama etish va hududlar o‘rtasida tajriba almashishni birlashtirgan amaliy muloqot maydoni bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA