Xorazmda eng kuchli shaxmatchi sudyalar aniqlandi
Urganchda sud tizimida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sudyalarni intellektual sport turlariga keng jalb etish hamda ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida shaxmat bo‘yicha respublika musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan musobaqada viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining sudyalari ishtirok etib, o‘zlarining intellektual salohiyati, mantiqiy fikrlash va strategik qaror qabul qilish borasidagi mahoratlarini namoyish etdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqada ishtirokchilar g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordi. Har bir uchrashuv shaxmatchilardan yuksak diqqat, sabr-toqat va puxta strategiyani talab etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi sudyasi Rashid Safoyev barcha raqiblaridan ustun kelib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyat ma’muriy sudi sudyasi Dilshod Choriyev ikkinchi o‘rinni, viloyat sudi raisi o‘rinbosari Bahodir Davlatov esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Endilikda viloyat bosqichida yuqori natijalarni qayd etgan shaxmatchilar musobaqaning respublika bosqichida Xorazm viloyati sharafini himoya qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri