Ta’lim sifati bo‘yicha Osiyo mamlakatlari yetakchilik qilmoqda
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotlari dunyo mamlakatlarining ta’lim sifati, o‘qitish samaradorligi va maktab bitiruvchilarining kelajakka tayyorgarligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashkilotning joriy, ya’ni 2026-yildagi tahlillarida 91 mamlakatdan 760 000 dan ortiq 15 yoshli o‘smirlarning bilim va ko‘nikmalari baholandi. O‘quvchilarning tabiiy fan, o‘qish, matematika va muammolarni yechishdagi qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.
“Naked sceince” onlayn nashrining tashkilot ma’lumotlariga asoslangan xabarida keltirilishicha, tabiiy fanlar, matematika, o‘qish savodxonligi va muammolarni hal qilish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda Xitoy va Singapur yuqori natijalarni qayd etdi.
Shuningdek, maktab ta’limining sifat darajasiga ko‘ra, reytingning keyingi pog‘onalarini Yaponiya, Estoniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Finlandiya egalladi. Qayd etish kerak, reytingning bu yilgi natijalari maktab ta’limi samaradorligida Osiyo mamlakatlari yetakchi ekanligini ko‘rsatdi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo mamlakatlardagi taxminan har besh nafar o‘quvchidan biri tabiiy fan, o‘qish va matematika bo‘yicha zarur bazaviy ko‘nikmalarni yetarli darajada egallay olmayapti. 2015–2025-yillar oralig‘ida tashkilotga a’zo mamlakatlarda o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘rtacha natija 28 ballga, matematika bo‘yicha esa 22 ballga pasaygani dunyo ta’lim tizimi oldida jiddiy vazifalar turganini anglatadi.
Zuhra Mirzaboyeva, O‘zA