Bo‘lajak pedagoglar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi (+video)
Jizzax davlat pedagogika universitetida Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi bitiruvchi bosqich talabalari bilan “Hokim va yoshlar” formatida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari, maktab direktorlari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ta’lim muassasasi va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh mutaxassislarni tumandagi bo‘sh ish o‘rinlariga maqsadli yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.
Bugungi kunda universitetning turli yo‘nalishlarida Paxtakor tumanidan 150 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ochiq muloqotda ularning 60 nafari bitiruvchi bosqich talabalari ishtirok etdi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Madina Turg‘unovaning ta’kidlashicha, hozirgi kunda tumandagi ta’lim muassasalarida 23 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish boshlagan har bir pedagogga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali ustozlar biriktiriladi.
Tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning 36 nafari hozirning o‘zidayoq maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyatini boshlab, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan. Qolgan yoshlarga esa tumandagi ehtiyojdan kelib chiqib yo‘llanmalar berildi.
Muloqot davomida talabalar ta’lim sifati, maktablarda laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish va yosh o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Bunday uchrashuvlar hududlardagi kadrlar ehtiyojini qoplash, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DSaXEIUgh0U" title="Bo`lajak pedagoglar bilan ochiq muloqot o`tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV olgan (surat va video), O‘zA