Bir Vatan — bir dil, bir maqsad
Yaxshi niyatlar odamlarni yaqinlashtiradi, ezgu maqsadlar esa qalblarni birlashtiradi. Ayniqsa, nuroniylar duosi va yoshlar shijoati bir joyda uyg‘unlashsa, bu nafaqat bir tadbir, balki avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikka aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz tashabbusi asosida ilgari surilgan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu g‘oyasi ostida yurtimizning turli hududlarida nuroniylar va yoshlar ishtirokidagi uchrashuvlar, do‘stlik va tajriba almashuviga qaratilgan tadbirlar keng quloch yozmoqda. Ana shunday ezgu tashabbus doirasida Buxoro viloyati Olot tumanidan nuroniylar va yoshlar G‘ijduvon tumaniga tashrif buyurdi. Ularni qadimiy va boy tarixga ega Gijduvon zaminidagi Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohida tuman nuroniylari, yoshlar va jamoatchilik vakillari katta tantana va ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olishdi. Bu manzaraning o‘zidayoq bir haqiqat namoyon bo‘ldi: Vatan bitta bo‘lsa, uning farzandlari ham bir-biriga begona emas.

Tashrif davomida olotlik mehmonlar G‘ijduvonning o‘ziga xos tarixi, madaniyati va bugungi taraqqiyot yo‘li bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, Nuroniylar maskani, Kulolchilik maktabi, Qo‘rg‘on turizm mahallasi, Madaniyat markazi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar, milliy hunarmandchilik an’analari, turizm salohiyati, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi loyihalar haqida ma’lumotlar olishdi. Ayniqsa, asrlar davomida shakllangan G‘ijduvon kulolchilik maktabi namunalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Zero, hunarmandchilik — oddiy kasb emas, u xalqning xotirasi, tarixi va dunyoqarashini avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan tirik merosdir.

Bu uchrashuvlar jarayonida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul”, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Milliy qadriyatlar va urf-odatlar bunyodkorlar talqinida” kabi yo‘nalishlarda samimiy muloqotlar va tajriba almashuvlari o‘tkazildi.
Tadbirning eng ta’sirchan jihati nuroniylar va yoshlarning bir davrada jam bo‘lgani bo‘ldi.
Zero, nuroniylar — hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan, yillar sinovidan o‘tgan tajriba egasidirlar. Yoshlar esa yurtning bugungi kuch-qudrati va ertangi tayanchidir.

Ularning muloqoti orqali hayotiy tajriba yoshlarga, yoshlarning g‘ayrat-shijoati esa nuroniylarga yetib boradi. Shu tariqa avlodlar o‘rtasidagi uzviylik, ma’naviy vorisiylik yanada mustahkamlanadi.
Ayniqsa, kitobxonlik, milliy qadriyatlar, oila tarbiyasi, Vatanga sadoqat kabi mavzulardagi suhbatlar yosh avlodni milliy ruh va ezgu maqsadlar sari yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif yakunida faol ishtirok etgan mehmonlarga G‘ijduvon tumani hokimi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu oddiy sovg‘a emas, balki ikki hudud vakillari o‘rtasidagi hurmat va samimiy do‘stlikning ramziy ifodasi bo‘ldi.
Tashrif so‘nggida esa an’analarimizga muvofiq bir piyola choy ustida dildan suhbat qurildi. Mehmonlar o‘z san’at va ijod namunalarini namoyish etishdi. Kuy-qo‘shiqlar, samimiy dil so‘zlari va samimiy tabassumlarga boy davra xalqimizga xos mehmondo‘stlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini yana bir bor namoyon etdi.
Bir piyola choy atrofida kechgan bu oddiydek ko‘ringan suhbat aslida katta ma’no kasb etdi: turli hududlarda yashasak-da, qalbimizdagi Vatan bitta, orzu-maqsadlarimiz mushtarak.
Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalqni birlashtirish, mahalla va oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, nuroniylarning hayotiy tajribasidan unumli foydalanish va yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.

Olot va G‘ijduvon vakillarining ushbu uchrashuvi ham ana shu yuksak maqsadlarni o‘zida mujassam etdi. Chunki Vatan taraqqiyoti faqat yangi binolar yoki zamonaviy inshootlar bilan emas, avvalo, bir-birini qadrlaydigan, tarixini unutmaydigan, kelajagiga ishonadigan insonlar bilan ta’minlanadi. Bugun nuroniylar yoshlarga o‘z hayotiy saboqlarini bersa, yoshlar o‘z g‘ayrat va shijoati bilan ularning duosini oqlashga intiladi. Bu esa avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni yanada mustahkamlaydi. Bir Vatan, bir xalq va bir maqsad atrofida birlashgan yurtning kelajagi, shubhasiz, buyuk bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri