Davlat tilining nufuzini oshirish odil sudlov faoliyatining muhim bo‘g‘inidir
Fuqaro sud hujjatini qo‘liga olganida, avvalo, uch savolga javob izlaydi: sud qanday xulosaga keldi, bu xulosaning sababi nima va endi qanday harakat qilish kerak? Hujjat matni ushbu savollarga aniq javob bermasa, huquqiy mazmun bilan uni anglash o‘rtasida uzilish yuzaga keladi. Qonuniy asosga ega xulosa ham murakkab, noaniq yoki grammatik jihatdan noto‘g‘ri ifodalansa, fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini tushunishda qiynalishi aniq.
Shuning uchun sud-huquq tizimida davlat tilidan foydalanish masalasi hujjatning qaysi tilda yozilgani, huquqiy tushunchalar qay darajada aniq ifodalangani va mazmuni o‘quvchiga qanday yetib borgani ham muhimdir. Davlat tilining nufuzi, sud hujjatlarida til me’yorlariga rioya etish madaniyati va odil sudlov sifati aynan shu nuqtada bir-biri bilan tutashadi.
Ushbu bog‘liqlikning amaliy mohiyati shundaki, sifatli huquqiy matn fuqaroga sudning fikrini tushunish, o‘z pozitsiyasini bildirish, qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatini baholash va zimmasiga yuklatilgan majburiyatni to‘g‘ri bajarishga yordam beradi. Demak, sud hujjatining tili odil sudlov natijasini insonga yetkazadigan muhim vositadir.
Davlat tilining nufuzi uning rasmiy maqomi, jamiyatdagi obro‘si va murakkab ijtimoiy munosabatlarni ifodalashdagi amaliy imkoniyatlari bilan belgilanadi. Tilning davlat tili sifatida e’tirof etilishi huquqiy poydevor yaratsa, undan davlat idoralarida puxta foydalanish ushbu maqomning kundalik hayotdagi mazmunini namoyon etadi. Sud tizimida bu masala alohida ahamiyatga ega. Chunki fuqaro sud hujjatini davlat nomidan bildirilgan, huquqiy oqibat tug‘diradigan xulosa sifatida qabul qiladi. Matndagi izchillik, atamalarning aniqligi va bayonning savodxonligi davlatning fuqaro bilan muloqot madaniyatini ko‘rsatadi. Aksincha, bir hujjatda ayni tushunchaning turlicha atalishi yoki kimga qanday majburiyat yuklatilgani mavhum qolishi hujjatga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkin.
Masalan, “tegishli mablag‘ belgilangan tartibda undirilsin” degan jumlada mablag‘ miqdori, uni to‘laydigan shaxs va oluvchi ko‘rsatilmasa, rasmiy ohang huquqiy aniqlikni ta’minlamaydi. “Javobgardan da’vogar foydasiga 8 million so‘m asosiy qarz undirilsin” shaklidagi bayon esa majburiyatning mazmunini ochadi. To‘liq hujjatda taraflarning aniq identifikatsiya ma’lumotlari ham berilishi lozim.
Bunday aniqlik o‘zbek tilining huquqiy munosabatlarni to‘liq va professional ifodalash imkoniyatini amalda ko‘rsatadi. Fuqaro davlat tilida yozilgan hujjatdan kerakli ma’lumotni topa olsa, bu tilga bo‘lgan hurmat mavhum da’vat orqali emas, shaxsiy tajriba orqali shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 1-moddasida o‘zbek tilining davlat tili ekanligi belgilangan. Qonunning 7-moddasi rasmiy qo‘llanish doiralarida o‘zbek adabiy tilining amaldagi qoidalari va me’yorlariga rioya etilishini nazarda tutadi. Demak, rasmiy matnni o‘zbekcha yozishning o‘zi yetarli emas. Uni adabiy til talablariga muvofiq tuzish ham huquqiy ahamiyatga ega. Qonunning 11-moddasida sudlov ishlarini yuritish tili hamda ushbu tilni bilmaydigan ishtirokchilarning tarjimon orqali qatnashish kafolatlari mustahkamlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi sud orqali himoyalanish huquqini kafolatlaydi. Uning 139-moddasi sud ishlarini yuritish tili va sudda qatnashuvchi, ushbu tilni bilmaydigan shaxslarning tilga oid huquqlarini belgilaydi. Bu normalarni birgalikda anglash muhim: sudga murojaat qilish imkoniyati bilan sud jarayonini tushunish imkoniyati o‘zaro bog‘liqdir.
Sud hujjati oddiy axborot xati emas. U shaxsning mulkiy manfaatlari, mehnat huquqlari, oilaviy munosabatlari yoki boshqa qonuniy manfaatlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli undagi jumlalar faqat uslubiy jihatdan emas, tug‘dirishi mumkin bo‘lgan huquqiy oqibat nuqtai nazaridan ham baholanishi kerak.
Fikrning aniqligi kimning talabi ko‘rilgani va qanday xulosa chiqarilganini ko‘rsatadi. Huquqiy atamalarning to‘g‘ri qo‘llanishi protsessual harakatlar o‘rtasidagi farqni saqlaydi. Mantiqiy izchillik aniqlangan holat, baholangan dalil va yakuniy xulosa o‘rtasidagi bog‘lanishni ochadi. Xolis bayon tarafning fikrini sud aniqlagan fakt bilan aralashtirmaydi. Grammatik va uslubiy savodxonlik esa ushbu mazmunning buzilmay yetkazilishiga xizmat qiladi.
Masalan, “javobgar qarzni qaytarmagan” va “da’vogar javobgar qarzni qaytarmaganini bildirdi” jumlalari bir xil vazifani bajarmaydi. Birinchisi tasdiqlangan holat sifatida o‘qilishi mumkin, ikkinchisi esa tarafning vajini ifodalaydi. Sud matnida ushbu farq saqlanmasa, hali baholanmagan da’vo sudning tayyor xulosasidek ko‘rinib qoladi.
Noaniq jumlani tahrir qilish jarayonida ba’zan fikrning o‘zidagi bo‘shliq aniqlanadi: xulosa qaysi dalilga tayanayotgani, muayyan to‘lov nimadan kelib chiqqani yoki hujjatdagi ikki band o‘zaro mos kelishi ochiq qolgan bo‘lishi mumkin. Demak, til ustida ishlash huquqiy asoslantirishni sinash vositasidir.
Fuqaroga hurmat uning murojaatini qabul qilish bilangina ifodalanmaydi. O‘ziga daxldor qarorni anglash uchun unga imkoniyat yaratish ham hurmatning amaliy ko‘rinishidir. Bunda fuqaroning yuridik ma’lumoti yo‘qligi tabiiy holat sifatida qabul qilinishi kerak.
Shu bilan birga, hujjatni tahrirlash sudyaning mustaqil huquqiy bahosiga aralashishga aylanmasligi lozim. Til mutaxassisi jumladagi mavhumlikni ko‘rsatishi mumkin, ammo dalilga baho berish yoki nizoning yechimini belgilash uning vazifasi emas. Imzolangan hujjatdagi xatolarni tuzatish ham tegishli protsessual tartibdan tashqarida amalga oshirilmasligi kerak.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sud hujjatlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanish, huquqiy fikrni aniq va ravon ifodalash, til me’yorlariga qat’iy rioya etish orqali davlat tilining nufuzini amalda yuksaltirish mumkin.
Sohiba Zayniyeva,
Toshkent viloyati fuqarolik
ishlari bo‘yicha Zangiota
tumanlararo sudining raisi,
O‘zA