Belgilangan marralar sari ishonchli qadam
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Texnologik transport boshqarmasi tarkibidagi 4-transport sexi mehnat jamoasi joriy yilning 21-oktabr kuni belgilangan ishlab chiqarish prognozlarini muddatidan ilgari 119 foizga bajarishga erishdi.
Yillik rejaga ko‘ra, sex oldiga 2 million 726 ming 200 metr kub texnologik yuklarni tashish vazifasi yuklatilgan edi. Amaliy sa’y-harakatlar natijasida esa 3 million 241 ming 900 metr kub texnologik yuk va tog‘ jinslari o‘z manziliga xavfsiz yetkazildi.

Bugungi kunda sex texnoparkida jami 69 dona transport vositasi mavjud. Uning asosiy qismini, ya’ni 60 tasini yuk ko‘tarish quvvati 30 tonna bo‘lgan “BelAZ-7540” rusumli avtosamosvallar tashkil etadi. Shuningdek, jamoa ixtiyorida 8 dona “LGMG MS 25” maxsus suv sepish mashinasi hamda 1 dona “Toyota Hilux” avtomashinasi xizmat qilmoqda.
Yuksak zafarlarga erishishda sex boshlig‘i Ashirmat Sayfiddinov boshchiligidagi ishchi-xodimlarning kombinat ob’ektlari bilan hamjihatlikda ish tashkil etgani alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, muhandis-texnik xodimlar, dispetcherlar, ta’mirlovchi chilangarlar va haydovchilarning o‘z kasbiga sidqidildan yondashgani, rahbariyat tomonidan ehtiyot qismlarining o‘z vaqtida yetkazib berilgani hamda sexda yildan-yilga takomillashib borayotgan raqamlashtirish jarayonlarining joriy etilgani muvaffaqiyatning bosh omili bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu sex jamoasi asosan Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, 2-Mis boyitish fabrikasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, “Qalmoqqir”, “Sari-cho‘qqi” va “Yoshlik-1” kabi yirik ob’ektlarda, qolaversa, kombinatning deyarli barcha sexlarida texnologik yuklarni tashish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Ushbu yuksak g‘alaba avtomobil transporti sohasi xodimlari kuniga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Bahrom Niyazmetov,
OKMK TTB boshlig‘ining
ekspluatatsiya bo‘yicha o‘rinbosari,
O‘zA