Baxt o‘zi nimadir: uni uzoqdan qidirganlar adashadi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi 2011 yili tashkilotga a’zo mamlakatlarning baxtlilik darajasini aniqlash maqsadida rezolyutsiya qabul qilgan edi. 2012 yil 2 aprelda esa Butan davlatining bosh vaziri Jigme Tinli raisligida BMTning «Baxt va farovonlik: yangi iqtisodiy paradigmani belgilash» mavzusidagi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng 2012 yildan boshlab, BMT barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i tomonidan jahon baxti indeksi (World Happiness Report) yaratilib, u har yili e’lon qilib boriladi. Bunda 146 ta davlatning yalpi ichki mahsuloti, umr ko‘rish davomiyligi va hayot sifatining boshqa ko‘rsatkichlari kabi omillarga qarab, baxtlilik darajalari aniqlanadi.
Masalan, 2023 yilda Finlyandiya davlati ketma-ket oltinchi yil jahonning eng baxtli mamlakati, deb e’lon qilindi. Kuchli uchlikni esa Daniya va Islandiya egallagan. Bu reytingda O‘zbekiston 2021 yilda 146 davlat orasidan 53-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2023 yil 13 fevralda aniqlangan reytingda 41-o‘ringa ko‘tarildi. Mazkur reytingni aniqlashda yuqoridagi ko‘rsatkichlardan tashqari, fuqarolarning adolatsizlik qurboni bo‘lishi, korrupsiya haqidagi tasavvurlari, saxovatliligi, hayotiy qarorlar qabul qilish erkinligi, sog‘lom turmush tarzi yaratilganligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi, ya’ni, mamlakat aholisining bir-biriga qanchalik ko‘p yordam ko‘rsatayotgani, qashshoqlik darajalari e’tiborga olinadi.
Bu dunyo davlatlari tomonidan baxt nimaligini aniqlash mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlardir. Ammo, bizning xalqimizda baxt hissi o‘zgacha bo‘lib, unga har kimning o‘z ta’rifi bor. Shoirlar baxtga atab she’rlar bitgan bo‘lsa, yozuvchilar hikoya, asarlar yozishgan. Demak, kim uchundir molu davlat baxt, boshqa birov farzand ko‘rishni tole sanaydi. Yosh yigitlar uylanishni, qizlar esa turmushga chiqishni orzu qiladi. Ochlikdan azob chekayotgan bir burda non topilgan onni, halovatini yo‘qotgan esa tinchlikni hech bir ne’matga alishmasligi ayon. Ota-ona farzandlari kamolidan baxtiyor, musofir yurti, yaqinlari diydoridan masrur. Baxt har bir odamning atrofida – uni o‘rab turadi. Xullas, baxt insonning ichki kechinmasida yashaydi. Uni yiroqdan izlaganlar doim adashgan – baxtidan uzoqlashganini kech anglagan.
AYOL BAXTI
Ayol baxti nimada yoki baxtini qanday tasavvur etadi? Uning baxtli bo‘lishi tashqi muhitga bog‘liqmi? Qachon o‘zini baxtli his qiladi? Kabi savollar bilan asl baxtning mazmunini tahlil qilsak.
Aksariyat ayollar baxtni farzandlik bo‘lishda, ya’ni onalik baxtida, deb qaraydi. Unda farzand ko‘rmagan ayol baxtsizmi? Ayrimlari bilan suhbatlashganimizda, o‘zini baxtsiz hisoblamasligini, onalik baxtiga erisha olmaganini bildirdi. Ular baxt aslida yaxshi turmush o‘rtoq nasib etganida, deb fikrini ayon etdi. Ha, azaldan nikoh to‘ylarida xalqimizning duosida «baxtli bo‘lishsin», deya, Yaratgandan so‘raladi. Bu so‘z ongimizga shunday singib kelgan. Er-xotin ahil-inoqlikda yashashi baxtning bosh asosi, deb qaralgan. Ayolning chinakam baxti unga e’tibor va mehr berilishida ham deb aytiladi.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzalarida ko‘p bora «Ayol baxtli bo‘lsa, davlat va jamiyat rivojlanadi», deya ta’kidlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni 2-ilovasi «2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi»ning 105-bandida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, ayollarni zalolatga boshlovchi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish maqsadida «Ayol baxti» loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilandi.
Mazkur vazifa doirasida bugungi kunda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi asosiy ijrochi, O‘zMTRK, O‘zA, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ham bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Mazkur loyiha doirasida ayollarning baxti nimada aks etishi mumkinligi o‘rganildi. Shu asosda «Ayol baxti» rukni19:31ostida ko‘rsatuv tayyorlash uchun ssenariy loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu loyiha bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutida ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, ko‘rsatuvni nomlash, uning formasini shakllantirish, qahramonlarini tanlash, yoritishda foydalanish uslublari kelishildi. Har bir mas’ul tashkilot vakillari tomonidan takliflar eshitildi. Shuningdek, ko‘rsatuv tayyor bo‘lgach, uni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Umuman, baxt – inson hayot tarzi, unga qilingan ezguligu yovuzlik, dunyoda duch kelgan qiyinchiliklari-yu orzulari ro‘yobi, kambag‘alligi-yu boyligi yig‘indisi. Shundan ham aytish mumkinki, bu yorug‘ olamda inson bo‘lib tug‘ilishning, odam bo‘lib yashashning o‘zi – baxt!
U murakkab tushuncha. Baxt tuhfa qilinmaydi. Sun’iy yaratilmaydi. Qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Uning shaklu shamoyili ham, maza-ta’mi ham yo‘q. Uning rangi, ifori yo‘q. Baxt – amallar, holatlar majmuiki, faqat his etiladi. Yurakdan. Aql ko‘zi bilan. Shukr bilan.
INSON TASAVVURI...
Demak, insonlarning tasavvuridagi baxtlar ko‘p va ularning aksariyati vaqtinchalik ahamiyat kasb etib, undan ajralib qolish xavfi bor. Masalan, molu dunyoning oxiri bor – undan bir zumda ayrilib qolish mumkin. Farzandi tug‘ilganida quvonib, uni yo‘qotganidan kuyganlar bor. Yillar orzu qilib yetishgan yoridan ayrilganlar ham bisyor... Ammo insoniylik baxti mustahkam. Shukronalik esa insoniy burchdir. Ko‘rinib turganidek, baxt o‘zini asrashni, avaylashni, kerak bo‘lsa, burch va sadoqatni talab qiladi. Muayyan majburiyatlarni shart qiladi. Aks holda, inson o‘z qiyofasini yo‘qotadi. Shahvoniy hirs, hayvoniy hislar g‘olib kelib, odam bolasiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni qila boshlaydi. Bu huquqshunoslik tilida jinoyat, din nuqtai nazarida gunoh sanaladi. Aslida, ulardan saqlanishning o‘zi ham baxtdir.
Bu o‘rinda vaqt, ya’ni umrni mazmunli o‘tkazish alohida e’tiborga molik hisoblanadi. Qanday yashash – har kimning ishi. Mana shu tanlovlar baxt formulalarini hosil qiladi va ular rango-rang, betakror. Xuddi barmoq izidek. Har kimning o‘z baxti va tabiiyki, o‘z baxtsizligi bor.
Har ne bo‘lganda ham, ochlik baxtidan to‘qlik, kambag‘allik baxtidan boylik, johillik baxtidan olimlik, tanholik baxtidan juftlik, bemorlik baxtidan sog‘lik afzal. Mana shu afzalroq baxtlarga intilish ham burch. Zero, shundagina jamiyatga, xalqiga manfaat keltirish mumkin.
Yana bir gap. O‘zini baxtiyor sanaguvchi inson uni his qilishi, g‘animat bilishi, saqlab qolishga intilishi zarur. Shunda u qo‘ldan chiqib, baxtsizlikka aylanmaydi.
Munira Qahhorova,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
direktori o‘rinbosari, falsafa doktori