Barqaror energetika tizimi qanday shakllantiriladi?
Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, energiya sohasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va kam uglerodli rivojlanish modellarini keng joriy etish bugungi kunda jahon hamjamiyati diqqat-markazidagi masalalardan biri. Shu bois, mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish hamda energetika sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni shu maqsadlarga qaratilgan xalqaro o‘quv-seminarlar Xitoyda tashkil etildi. Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi ko‘magida hamda Xitoy neft universiteti (Pekin) hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari mutaxassislari ham ishtirok etdi.

O‘quv dasturlari doirasida energetika sohasini transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi sharoitida energiya xavfsizligini ta’minlash, ekologik barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi texnologiyalar hamda xalqaro hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi. Shuningdek, uglerod chiqindilarini qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini oshirish va energiya samaradorligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajribalar taqdim etildi.
Tadbirlarda Osiyo, Afrika, Yevropa hamda Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar vakillari qatnashib, barqaror energetika yo‘lidagi yondashuvlar va amaliy tajribalar yuzasidan fikr almashdi.
Pekin shahrida tashkil etilgan “2-Energetik innovatsiyalar konferensiyasi -2026” xalqaro anjumani ham soha mutaxassislari uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda yuzlab olimlar, ekspertlar va sanoat vakillari ishtirok etib, energetika sohasida innovatsiyalarni keng joriy qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Anjumanda qatnashgan Energetika vazirligining Elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Saidkomil Saidmurodov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, “yashil” energetika yo‘nalishidagi loyihalar hamda sohadagi yangilanish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
–Barqaror energetika tizimini shakllantirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va sohaga innovatsion yechimlarni tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish esa bu jarayonlarni yanada samarali tashkil qilish imkonini beradi. Tashkil etilgan ushbu tadbir shu jihatdan muhim, – dedi S.Saidmurodov.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bu kabi xalqaro muloqotlar energetika sohasida zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA