Bank xizmatlari sifatini oshirish yo‘lida muhim qadam
Banklarda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur masalaga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Poytaxtimizda ushbu mavzuga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi. Unda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi bank mahsulotlarini zamonaviy savdo texnologiyalari asosida samarali sotish, mijozlar bilan professional muloqot qilish hamda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashg‘ulotlari qiziqarli va jonli muloqotlar, biznes hamda iqtisodiy salohiyatga oid videolavhalar, hayotiy vaziyatlar tahlillari bilan boyitilgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Samarali sotuv va servis standartlari” mavzusidagi seminarda bank sohasi uchun bugungi kunda dolzarb bo‘lgan “Servisda muloqot standartlari”, “Sotuv psixologiyasi”, “E’tirozlar bilan ishlash”, “Sotuv texnikalari” kabi mavzular ilmiy yondashuv asosida, hayotiy misollar bilan batafsil muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlar davomida mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlari, bankning korporativ imiji, bank xodimining mazkur imijni shakllantirishdagi o‘rni, sifatli xizmat ko‘rsatish tushunchasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Amaliy mashg‘ulotlarda “Bankdagi mijoz yo‘li” yo‘nalishi muhokama qilinib, ishtirokchilar kichik guruhlarda ish olib bordi.
Shuningdek, “Bankdagi savdo psixologiyasi”, “Mijozlar tipologiyasi”, “Qaror qabul qilish psixologiyasi”, “Ishontirish tamoyillari”, “Foyda tilida muloqot qilish”, “E’tirozlar bilan ishlash” mavzulari bo‘yicha mashg‘ulotlar katta qiziqish bilan o‘tdi. Rolli o‘yinlar va keyslarni tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Bank mahsulotlarini sotishning samarali texnikalariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda SPIN texnikasi, ya’ni vaziyat, muammo, uning oqibatlari, yechim va foydani aniqlashga qaratilgan savollar batafsil tahlil etildi. Shuningdek, Up-sell — mijozga tanlangan mahsulotning qimmatroq yoki takomillashtirilgan versiyasini taklif qilish, Cross-sell esa asosiy mahsulotga qo‘shimcha yoki unga mos boshqa mahsulotlarni taklif etish usullari muhokama qilindi. Bank mahsulotini sotish algoritmi va bitimni muvaffaqiyatli yakunlash texnikalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi. Amaliy mashg‘ulotlarda mahsulot kartalari bilan ishlash, savdo simulyatsiyalari hamda “Eng yaxshi bitim” tanlovi tashkil etildi.
[gallery-30487]
— Bugungi kunda bank xizmatlari sifatini yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi seminar biznes-treneri Islombek Ibrohimov. — Bu ko‘p jihatdan bank tizimi mas’ullari va yosh menejerlarning malakasiga bog‘liq. Seminar davomida bank mahsulotlarini sotishga oid eng dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
— Seminar biz uchun juda foydali bo‘ldi, — dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahar hududiy direksiyasi direktori Farruxjon Temirov. — Tashqi biznes-trenerlar taqdim etgan nazariy bilimlarni bank mutaxassislari o‘z tajribasi bilan taqqoslash imkoniga ega bo‘ldi. Olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etish, hududlarga biriktirilgan top-menejerlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun seminar muhim maydon bo‘ldi.
— Ushbu seminarda “O‘zmilliybank”ning hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etmoqda. Ular bank mahsulotlari savdosi samaradorligi uchun mas’ul hisoblanadi, — dedi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Sirdaryo viloyati hududiy direksiyasi direktori Shahzod Yo‘ldoshev. — Bank mahsuloti — bu shunchaki foiz yoki hujjat emas, balki mijozning kelajakka bo‘lgan ishonchi. Bu ishonchni qozonish bank xodimlaridan yuksak bilim, mahorat, mas’uliyat va chuqur tafakkur talab qiladi. Shu ma’noda mazkur seminar soha vakillari uchun juda foydali bo‘ldi.
Seminar yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari tinglandi. Tadbir so‘ngida qatnashchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari