O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 5 millionga yaqinlashdi
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 5 million donaga yaqinlashdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda jismoniy shaxslar nomida 4 million 982 ming 516 dona avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan.
Ularning asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etadi — 4 million 618 ming 719 dona. Shuningdek, jismoniy shaxslarga tegishli 343 ming 375 dona yuk avtomobili, 7 ming 508 dona mikroavtobus, 7 ming 128 dona maxsus transport vositasi hamda 5 ming 786 dona avtobus mavjud.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda jismoniy shaxslar nomida 637 ming 706 dona avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan.
Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati — 573 ming 472 dona, Samarqand viloyati — 563 ming 72 dona, Toshkent viloyati — 476 ming 148 dona hamda Qashqadaryo viloyati — 457 ming 457 dona bilan egallagan.
Shuningdek, Andijon viloyatida 381 ming 421 dona, Namangan viloyatida 336 ming 810 dona, Surxondaryo viloyatida 325 ming 980 dona, Buxoro viloyatida 309 ming 391 dona, Xorazm viloyatida 287 ming 918 dona avtotransport vositasi jismoniy shaxslar nomida ro‘yxatdan o‘tgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 220 ming 882 dona, Navoiy viloyatida 156 ming 745 dona, Jizzax viloyatida 145 ming 392 dona, Sirdaryo viloyatida esa 110 ming 122 donani tashkil etgan.
Shunday qilib, 2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 5 million donaga yaqinlashgan. Ularning qariyb 93 foizini yengil avtomobillar tashkil etadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA