O‘zbekiston – Xitoy: to‘qimachilik sohasi uchun hamkorlikda kadrlar tayyorlanadi
Bugungi kunda to‘qimachilik sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sohaviy hamkorlik yangi loyihalar va investitsiyaviy tashabbuslar uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Yaqinda Xitoyning Alar shahrida Shinjon-Alar to‘qimachilik xomashyosi sammiti hamda Paxta-to‘qimachilik sanoatining XX forumi bo‘lib o‘tdi. To‘qimachilik sohasiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etdi. Uchrashuvlar davomida ikki mamlakatning to‘qimachilik korxonalari, sohaviy tashkilotlari va ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida tajriba almashilib, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor paxta xomashyosini qayta ishlashdan tortib, tola, ip-kalava, mato va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni rivojlantirish masalalariga qaratildi. Shuningdek, yangi texnologiyalardan foydalanish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, mahsulot sifatini oshirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston kompaniyalari Xitoylik hamkorlar bilan poliester, viskoza va liosell kabi kimyoviy tolalar, aralash matolar, bo‘yash va pardozlash texnologiyalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Xitoy tomoni esa O‘zbekistonda mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa bozorlari uchun mahsulot ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi.
To‘qimachilik sohasida kadrlar tayyorlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xitoyning sohaviy hamkorlari o‘rtasida mahalliy dizayner va modelerlarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish hamda tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uyusham axborot xizmatiga ko‘ar, yangi hamkorlik tashabbuslari O‘zbekistonda paxta xomashyosini yanada chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA