«Raqamli mahalla», «Aqlli mahalla» va «Mahalla AI» platformalarining taqdimoti
Bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarini raqamlashtirish, sun’iy intellektning imkoniyatlaridan samarali va oqilona foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston mahallalari uyushmasida «Raqamli mahalla», «Aqlli mahalla» va «Mahalla AI» raqamli platformalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida mahalla tizimida aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish, muammolarni erta aniqlash hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga oid yechimlar namoyish etildi.
«Raqamli mahalla» platformasi orqali xonadonlar va fuqarolarning ijtimoiy holatini tahlil qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlash, murojaatlar ijrosini nazorat qilish, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylarning muammolarini tizimli o‘rganish imkoniyatlari kengaymoqda.

Ma’lumotlarning yagona raqamli muhitda jamlanishi ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish, hisobot jarayonlarini avtomatlashtirish, vaqtni tejash va mas’ullarning javobgarligini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, aholi muammolarini kech emas, erta aniqlab, aniq ma’lumot va tahlillar asosida manzilli yechim belgilash imkoni yaratilmoqda.
«Mahalla AI» platformasi mamlakatdagi 8 992 ta mahalla haqidagi ma’lumotlarni yagona raqamli muhitda birlashtiradi. Foydalanuvchi savolni oddiy o‘zbek tilida kiritib, zarur ma’lumotni tezkor olishi mumkin. Ayni paytda platformada 7 786 nafar mahalla raisi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, foydalanuvchilar uchun 12 ta turli rol belgilangan.

Platforma ma’lumot izlashdan tashqari hujjatlarni tahlil qilish va qisqacha mazmunini shakllantirish, imlo va uslubiy xatolarni aniqlash, ziddiyatli ma’lumotlarni ko‘rsatish hamda rasmiy javob xati loyihasini tayyorlash imkonini beradi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida so‘rovnomalar shakllantirilib, belgilangan hudud va mas’ullarga yuboriladi hamda natijalar asosida umumlashtirilgan tahliliy xulosalar tayyorlanadi.

Tizimda mahallalarning interaktiv xaritasi ham mavjud bo‘lib, unda mahalla manzili, aloqa ma’lumotlari va «mahalla yettiligi» a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Taqdimot doirasida hududlarda raqamli texnologiyalarni joriy etish tajribasi ham namoyish qilindi. Xususan, «Urganch — aqlli shahar» tizimi doirasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, shahar boshqaruvi va aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda mazkur tizimga 300 dan ortiq servis integratsiya qilingan. «Aqlli mahalla», sun’iy intellekt markazi, «aqlli ustun» va boshqa raqamli yechimlar orqali aholiga xizmat ko‘rsatish, murojaatlarni tahlil qilish, ijroni nazorat qilish hamda hududlarni monitoring qilish imkoniyatlari yaratilgan.
«Aqlli boshqaruv servis kompaniyasi» doirasida elektr energiyasi, gaz va suv bosimi, yerto‘la namligi, havo sifati va tovush kabi ko‘rsatkichlarni kuzatib boruvchi zamonaviy sensorlardan foydalanilmoqda. Taqdimot ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur yechimlar orqali energiya tejamkorligini 25 foizgacha ta’minlash, ehtimoliy avariya holatlarini esa 70 foizgacha oldindan aniqlash imkoniyati mavjud.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida aholi murojaatlarini hududlar kesimida tahlil qilish, aniqlangan muammolarni mas’ullarga yo‘naltirish va ijrosini nazoratga olish, ovozli boshqaruv hamda hududlarning 3D xaritalaridan foydalanish imkoniyatlari taqdim etildi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mahalla tizimida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan samarali foydalanish bugungi kunning muhim talabi ekanini ta’kidladi.
E’tirof etilganidek, bunday zamonaviy yechimlar mahalla xodimlarining ishini yengillashtirish bilan birga, aholi murojaatlari va hududlardagi muammolarni tezkor aniqlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish hamda ular asosida aniq va manzilli qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Tizimlarda axborot xavfsizligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Foydalanuvchilar ma’lumotlardan o‘z vakolati doirasida foydalanadi, sun’iy intellekt esa ma’lumotlar bazasidagi axborotni o‘zgartirish yoki o‘chirish huquqiga ega emas.
Taqdimot yakunida mazkur platformalarni yanada takomillashtirish, «mahalla yettiligi» a’zolarini raqamli tizimlarga keng jalb etish, mobil imkoniyatlarni rivojlantirish, interaktiv xaritalarni qo‘shimcha ma’lumotlar bilan boyitish hamda aholi bilan ishlash jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.
Mazkur raqamli yechimlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan «Inson qadri uchun» tamoyili asosida davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, mahallalarda muammolarni erta aniqlash va manzilli hal etish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA