Axborot xizmatlari: Zamonaviy talablar va samaradorlik yo‘li
Zamonaviy axborot oqimida sifatli va ishonchli xabar yetkazish – asosiy vazifa. Axborot xizmatlari bugun qanday yangi talablar va muammolarga duch kelmoqda?
Bugun shiddatli axborot oqimi hukmron davrda yashayapmiz. Bunda sifatli kontent va ishonchli xabar g‘oyat muhim sanaladi. Buning uchun qanday jihatlarga e’tibor qaratish lozim?
Ana shunday dolzarb masalalarga aniq yechim topish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan Toshkent viloyatidagi Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Sevarsoy” sihatgohida “Axborot xizmati faoliyati: tahlil, tajriba va rivojlanish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar doirasida davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, sohadagi mavjud ishlar tanqidiy-tahliliy jihatdan ko‘rib chiqildi. Axborot xizmatlari faoliyatida uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr va takliflar almashildi. Bugungi kunda raqamli muhitning jadal o‘zgarib borayotgani axborot xizmatlaridan tezkorlik, tashabbuskorlik, zamonaviy yondashuv va yuqori kasbiy mas’uliyatni talab etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, jamoatchilik uchun muhim axborotni o‘z vaqtida, aniq va tushunarli yetkazish, ehtimoliy inqirozli vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy axborot vositalari bilan konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, axborot ochiqligi va xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida axborot xizmatlari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan tahliliy o‘rganish natijalari ham muhokama qilindi. Jurnalistlar va jamoatchilik bilan ochiq, samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish axborot xizmatlarining asosiy vazifalaridan biri ekani, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning sifati faoliyat samaradorligining muhim mezoni sifatida qayd etildi. Muhokamalar yakunida bildirilgan takliflarni umumlashtirish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish va ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA