Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Ularda mamlakatimizdagi ijtimoiy islohotlar, xalqaro hamkorlik, texnologik diplomatiya, madaniy aloqalar va investitsiya loyihalari xalqaro axborot makonida qanday aks etayotgani yoritiladi.
APP: Samarqand sammiti bolalar farovonligiga investitsiyalarni oshirishga chaqirdi

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” agentligi Samarqandda bolalar farovonligiga investitsiya kiritish masalalariga bag‘ishlangan Jahon sammiti boshlangani haqida xabar berdi.
Sammitda bolalar salomatligi, ta’limi, ovqatlanishi va ijtimoiy himoyasiga davlat mablag‘larini ko‘proq yo‘naltirish, bolalar manfaatlarini hisobga oluvchi byudjetlashtirish va barqaror moliyalashtirish masalalari muhokama qilingani qayd etilgan.
Nashrda bolalarni kambag‘allik, zo‘ravonlik va ijtimoiy chetlanishdan himoya qilish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda raqamli muhitda ular xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
BTA: O‘zbekiston texnologik diplomatiya sohasida xalqaro muloqotni kengaytirmoqda

Bolgariya telegraf agentligi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Osiyo texnologik diplomatiyasi” xalqaro simpoziumi o‘tkazilgani haqida xabar berdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Global texnologik diplomatiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbir Samarqand texnologik diplomatiya deklaratsiyasi qabul qilinganining birinchi yilligiga bag‘ishlangan. Mazkur deklaratsiya 2025-yil 1-noyabrda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi doirasida imzolangan.
Simpoziumda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, akademik doiralar, biznes, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlaridan 25 ga yaqin vakil ishtirok etgan. Davra suhbatlarida mintaqaviy hamkorlik ustuvor yo‘nalishi, texnologik diplomatiya vositasini samarali qo‘llash va kelgusi tashabbuslar muhokama qilingan.
“Azertaj”: Qarshida O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik markazi ochildi

Ozarbayjonning “Azertaj” agentligi Qarshi shahridagi Osiyo texnologiyalar universitetida O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik markazi tashkil etilgani haqida ma’lum qildi.
Markaz Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti tashabbusi bilan ochilgan. Marosimda universitet rahbariyati, ikki mamlakat ilm-fan va ta’lim muassasalari vakillari, olim hamda ijodkorlar qatnashgan.
Nashrda ta’kidlanishicha, markaz O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mushtarak ildizlari va milliy qadriyatlarini targ‘ib qilish, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Anadolu”: O‘zbek alifbosi yangilanishi turkiy dunyodagi mushtaraklik nuqtai nazaridan baholandi

Turkiyaning “Anadolu” agentligi Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi rais o‘rinbosari, Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul Ko‘rshod Zorluning o‘zbek alifbosi haqidagi munosabatini e’lon qildi.
Zorlu bayonotida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid yangilanishlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolanib, kuchga kirganidan mamnunligini bildirgan.
Partiya yetakchisi yangilangan alifbo turkiy dunyoda umumiy alifbo bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishiga umid bildirgan va O‘zbekiston rahbarini ushbu jarayon bilan tabriklagan.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA