Avtobus bekatlarini yangilash bilan bog‘liq holatlar o‘rganilganda nimalar aniqlandi?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan Toshkent shahri hududidagi avtobus bekatlarini yangilash bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi.
Aniqlanishicha, davlat rahbarining 2022-yil 2-fevraldagi “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida””gi qarori hamda 2025-yil 4-dekabrdagi “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Toshkent shahrida transportni boshqarishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Shunga asosan Toshkent shahar hokimligiga shahardagi 1 ming 785 avtobus bekatini belgilangan talablar asosida modernizatsiya qilish maqsadida tegishli mulkiy majmualar, shu jumladan, avtobus bekatlari, ular joylashgan yer uchastkalari va inshootlarni ijara huquqi asosida “E-auksion” elektron savdo platformasiga chiqarish vazifasi yuklatilgan.
Qarorga ko‘ra, avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish va yangi namunaviy bekatlarni o‘rnatish bilan bog‘liq barcha ishlar elektron auksion g‘olibining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu topshiriq ijrosi doirasida 2025-2026-yillarda jami 266 avtobus bekati joylashgan yer maydonlarini ijaraga berish hamda qo‘shimcha 230 ijtimoiy bekat qurish yuzasidan o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion savdolarida “Ewi snacks” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilgan va u bilan tegishli ijara shartnomalari imzolangan.
Ijara shartnomalari va loyiha hujjatlarida bekatlarda yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar aniq belgilangan. Xususan, bekatlarni oyna konstruksiyasi, avtobuslarning harakat jadvali va yetib kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablo, “112” favqulodda chaqiruv tugmasi, mobil qurilmalarni quvvatlash manbalari, videokuzatuv kameralari, reklama konstruksiyalari, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari bilan jihozlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun panduslar hamda taktil qoplamalar o‘rnatish, bekatlarga tutash hududlarni obodonlashtirish va ayrim bekatlarda 24 soat davomida ishlaydigan vending apparatlarini joylashtirish belgilangan.
Shartnoma va loyiha hujjatlaridan kelib chiqib, har bir bekat uchun o‘rtacha 7,1 kv.m yer maydoni ijaraga berilgan.
Toshkent shahar hokimligi hamda “Ewi snacks” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida tuzilgan bitim bilan avtobus bekatlarini bosqichma-bosqich qurish, jihozlash va foydalanishga topshirish jadvali tasdiqlangan hamda barcha ishlarni 2026-yil yakuniga qadar yakunlash belgilangan.
Jumladan, 2026-yil may-iyun oylarida 60 ta ijaraga olingan va 60 ta ijtimoiy – jami 120 ta bekatni foydalanishga topshirish nazarda tutilgan.
Biroq, belgilangan muddat yakunlangan bo‘lsa-da, ko‘plab avtobus bekatlarida qurilish-montaj ishlari tugallanmagani va ularning zarur uskunalar bilan to‘liq jihozlanishi ta’minlanmagani aniqlandi.
Mazkur bosqichda foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lgan 120 bekatning birortasi bo‘yicha ham tegishli qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligiga shartnoma va bitimda belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini, bekatlarni tasdiqlangan texnik talablarga muvofiq jihozlash hamda foydalanishga topshirish jarayonini qat’iy nazoratga olish zarurligi ko‘rsatildi.
Kelgusida o‘tkaziladigan auksion savdolarida raqobat muhitini kengaytirish, ko‘proq tadbirkorlik sub’ektlarining ishtirok etishiga imkoniyat yaratish maqsadida avtobus bekatlarini tumanlar yoki hududiy birliklar kesimida alohida lotlarga ajratgan holda savdoga chiqarish hamda loyihalar to‘g‘risida jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilib borish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur jarayonning qonunchilik talablariga muvofiqligi hamda davlat va jamoat manfaatlarining ta’minlanishi nuqtai nazaridan o‘rganishlarni davom ettiradi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
N.Abduraimova, O‘zA