Attestatsiya sinovlaridan o‘tolmagan o‘qituvchi ishdan bo‘shatiladimi?
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda navbatdan tashqari attestatsiya sinovlarida salbiy natija qayd etgan pedagoglar maktab ma’muriyati tomonidan ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Qayd etilishicha, navbatdan tashqari attestatsiya sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ogohlantirilayotgani haqidagi xabarlar hech qanday asosga ega emas.
Ta’kidlash joizki, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan pedagoglar oldiga bunday talablarni qo‘yish amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, undan o‘ta olmagan pedagoglarning malaka toifasi tushirilmaydi. Bundan tashqari, ularga amaldagi malaka toifasi bo‘yicha ish haqi to‘lanishi davom ettiriladi.
Demak, navbatdan tashqari attestatsiyada yetarli natijaga erisha olmagan pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun hech qanday qonuniy asos mavjud emas.
Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, faqatgina oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hamda mutaxassis lavozimida ishlayotgan pedagoglar majburiy attestatsiya sinovlarida qatnashib, undan o‘ta olmagan taqdirda, ular bilan mehnat shartnomasi malaka yetarli emasligi sababli bekor qilinishi mumkin.
Bunda ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan hollarda, mazkur pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyada ketma-ket ko‘pi bilan ikki marta ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar ushbu imkoniyatlardan keyin ham pedagog attestatsiya sinovlarida salbiy natija ko‘rsatsa, mehnat shartnomasi amaldagi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Boshqa barcha holatlarda esa, attestatsiyadagi salbiy natija pedagogni ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘la olmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA