AQSH va Meksika USMCA bo‘yicha muzokara boshladi
AQSH va Meksika savdo vakillari USMCA – Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvini qayta ko‘rib chiqish maqsadida muzokara boshladi.
Mexikoda o‘tayotgan uch kunlik uchrashuvga Kanada vakillari kelmagan. Bu Prezident Donald Tramp ma’muriyati 1-iyul kuni olti yillik mintaqaviy savdo kelishuvini uzaytirishdan bosh tortgandan keyingi ilk rasmiy muloqot hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar yil oxiriga qadar yangi kelishuvga erishishni maqsad qilgan. Muzokarani tezroq yakunlash har uchala davlat manfaatiga mos.
Uchrashuvda avtomobilsozlik, po‘lat, alyuminiy, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mehnat va iqtisodiy xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi. AQSH Meksika va Kanadaning Xitoy va boshqa Osiyo davlatlaridan importga nisbatan himoya chorasini kuchaytirishini istayapti.
Muzokara Vashington Kanada tovarlariga qariyb 20 milliard dollarlik yangi boj joriy qilgandan bir kun o‘tib boshlandi. Bosh vazir Mark Karni Amerika bilan savdo kelishmovchiligini hal qilish bo‘yicha taklif berilganini ma’lum qildi.
USMCA doirasida uch davlat o‘rtasidagi yillik savdo hajmi qariyb 1,6 trillion dollarni tashkil qiladi.
D.Hakimov, O‘zA