Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

Serbiya – Germaniya
21-iyul kuni Serbiya Respublikasi Prezidenti Aldeksandir Vuchich Germaniyaning ushbu mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Anke Konradni xayrlashuv munosabati bilan qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, institutsional va strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Konradning diplomatik faoliyati davomida Serbiya – Germaniya munosabatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi yuqori baholandi. Shuningdek, yashil transformatsiya, barqaror rivojlanish va muhim loyihalar amalga oshirish borasidagi sheriklik natijasi qayd etildi. Prezident Vuchich elchiga samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, uning keyingi diplomatik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Fransiya – Gabon
20-iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda Gabon Prezidenti Bris Kloter Oligui Ngemani qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat munosabatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, energetika, madaniyat va mudofaa sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Fransiya va Gabon o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikka asoslangan aloqalarni kelajakka yo‘naltirilgan holda davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Gabonning Afrika qit’asi hamda butun insoniyat uchun muhim boylik hisoblanadigan boy bioxilma-xilligi va o‘rmonlarini asrash zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston – Belarus
20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ayniqsa savdo-iqtisodiy munosabatni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston – Belarus munosabatini mustahkamlash, turli yo‘nalishlardagi sheriklik ko‘lamini kengaytirish orqali ikki tomonlama aloqani yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA