Andijon davlat universitetida qirgʻiz tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi
Andijon davlat universitetida 2019-2020 oʻquv yilidan mamlakatimizda birinchi marta qirgʻiz tili va adabiyoti ixtisosligi uchun magistratura taʼlim yoʻnalishiga qabul amalga oshirilmoqda.
Andijon davlat universitetida 2019-2020 oʻquv yilidan mamlakatimizda birinchi marta qirgʻiz tili va adabiyoti ixtisosligi uchun magistratura taʼlim yoʻnalishiga qabul amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “2019-2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oliy oʻquv yurtlari bakalavriat va magistratura yoʻnalishiga kirish uchun hujjatlar qabul qilish jarayoni hamda test sinovlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayon Andijon davlat universitetida ham yuqori saviyada oʻtkazilmoqda.
– Ayni kunga qadar universitetdagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 36 ta, magistratura taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 20 ta ixtisoslik boʻyicha 8 ming nafardan ziyod abituriyentdan belgilangan tartibda hujjatlar qabul qilindi, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Akromjon Yoʻldoshev. – Hujjatlar universitetning asosiy binosida qabul qilinmoqda. Joriy yilda har yilgidan farqli oʻlaroq, abituriyentlardan hujjatlar soddalashtirilgan tartibda qabul qilinib, hujjatning qabul qilinganligi haqidagi maʼlumot onlayn tarzda veb-saytga joylashtirib borilmoqda.
Universitetning kirish qismi va boshqa belgilangan joylariga qabul bilan bogʻliq, qolaversa, qaysi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qayerda hujjatlar qabul qilinishi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan maxsus stendlar oʻrnatildi. Qabul ishlarini samarali boʻlishini taʼminlash uchun zarur jihozlar, kompyuter vositalari ajratildi.
Qabul komissiyasiga muayyan malaka va tajribaga ega mutaxassislar jalb etildi. Abituriyentlarga hujjat topshirish oldidan hujjatlarini nazoratdan oʻtkazuvchi, zarur tavsiya va maslahatlar beruvchi Axborot-maslahat markazi xizmati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, havoning issiq ekanligi hisobga olinib, hujjatlar qabul qilinayotgan binoda salqin ichimliklar savdosi, tibbiyot xodimlarining navbatchiligi, ota-onalar uchun kutish maydonchalari, dam olish xonalari tashkil etildi.
– Biologiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi boʻlimga hujjat topshirdim, - deydi abituriyent Gulzira Begmatova. – Hujjatlarimni topshirishda hech qanday qiyinchilik boʻlmadi. Yaratilgan sharoitlardan, ayniqsa, men bilan birga kelgan onam juda xursand boʻldi.
Joriy yilda Andijon davlat universitetining bakalavr yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlarning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 2 ming 115 nafari, sirtqi taʼlim boʻyicha 875 nafari talabalikka qabul qilinadi. Bundan tashqari, magistratura yoʻnalishi boʻyicha 20 ta mutaxassislik uchun 102 ta oʻrin ajratilgan.
Ushbu yildan universitetida bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha texnologik taʼlim, vokal sanʼati, cholgʻu ijrochiligi, rangtasvir, amaliy sanʼat, madaniyat va sanʼat muassasalarini tashkil etish va boshqarish, psixologiya, ijtimoiy-madaniy faoliyat singari yangi taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi.
Magistratura taʼlim yoʻnalishi boʻyicha mamlakatimizda ilk bor qirgʻiz tili va adabiyoti boʻyicha mutaxassislar tayyorlovchi yangi yoʻnalish tashkil etilganligi Fargʻona vodiysidagi taʼlim muassasalari uchun qirgʻiz tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Test sinovlari jarayonining ochiq va xolis oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida tanlangan binolarga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videosifikatsiya qurilmalari, videokameralar, abituriyentlarning ota-onalari kutish joylariga monitorlar oʻrnatildi.