Agar FIDEga rahbar bo‘lsam...
Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida FIDE Kongressi o‘tkazilishi va tashkilotga rahbar saylanishi kutilmoqda.
Kongress oldidan FIDE prezidentligiga nomzod Vadim Rozenshteyn hamda tashkilotning 7-prezidenti Kirsan Ilyumjinov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vadim Rozenshteyn nomzod sifatida ommaviy shaxmatni rivojlantirish, FIDEni isloh qilish, xalqaro musobaqalarni ko‘paytirish haqida fikrlarini bildirdi.
– Asosiy ustuvor vazifamiz – ommaviy shaxmatni rivojlantirish. Shaxmatni millionlab yoshlar va maktab o‘quvchilari hayotiga kengroq integratsiya qilish, maktablardagi shaxmat ta’limi hamda hududiy federatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz, – dedi Vadim Rozenshteyn. – Shuningdek, FIDE faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy tuzilmani optimizatsiya qilish va yirik xalqaro homiylarni jalb etish orqali tashkilotni isloh qilamiz. Bundan tashqari, turnirlar geografiyasini kengaytirish, yuqori darajadagi musobaqalar sonini oshirish va yangi jozibador formatlarni joriy etish orqali shaxmatning dunyo bo‘ylab ommaviyligini yanada oshirishni rejalashtiryapmiz.
[gallery-31603]
Tadbirda Kirsan Ilyumjinov Samarqanddagi shaxmat olimpiadasi yuqori saviyada tashkil etilgani va tarixdagi eng yaxshilaridan biri bo‘lgani, shuningdek, O‘zbekiston hukumati va shaxmat federatsiyasi ulkan ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari