Adliya xodimlari diktant yozdi
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida tizim xodimlarining davlat tilida savodli yozish ko‘nikmalarini mustahkamlash, imlo qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish maqsadida «Umummilliy diktant» loyihasi doirasida «Ona tili — millat ko‘zgusi» mavzusida diktant o‘tkazildi.
Mazkur tadbir xodimlarning davlat tilida savodli yozish ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘zbek tilining imlo va uslub qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, shuningdek, ish yuritish jarayonida davlat tilining me’yorlariga amal qilish muhimligini yanada chuqur anglashga xizmat qildi.

Diktant davomida ishtirokchilar o‘zlarining yozma savodxonligi, imlo qoidalarini bilishi va fikrni davlat tilida to‘g‘ri, aniq hamda ravon ifodalash mahoratini sinovdan o‘tkazdilar. Bunday sinovlar nafaqat bilim va ko‘nikmalarni baholash, balki kundalik faoliyatda uchrashi mumkin bo‘lgan imloviy xatolarni aniqlash, ular ustida ishlash va o‘z ustida muntazam ishlashga undashi bilan ham ahamiyatlidir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqovaning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar xodimlarning davlat tiliga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlash, kasbiy faoliyatda savodxonlik va mas’uliyatni oshirishda muhim o‘rin tutadi.

— Ona tiliga hurmat, avvalo, uni to‘g‘ri va ravon qo‘llashdan boshlanadi. Ayniqsa, adliya tizimi xodimlari uchun davlat tilida savodli yozish, hujjatlarni imlo va uslub qoidalariga muvofiq rasmiylashtirish juda muhim. Chunki har bir hujjatdagi so‘zning aniqligi va mazmunning ravonligi ish yuritish sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. “Umummilliy diktant” kabi tadbirlar bilimlarimizni mustahkamlash, xatolarimiz ustida ishlash va ona tilimizga bo‘lgan ehtiromimizni amalda namoyon etish uchun yaxshi imkoniyatdir, — deydi Dilnoza Umrzoqova.

Darhaqiqat, davlat tiliga e’tibor faqat muayyan tadbirlar bilan cheklanib qolmasligi, balki kundalik muloqot, xizmat yozishmalari va rasmiy hujjatlarni tayyorlash jarayonida ham namoyon bo‘lishi lozim. Zero, savodli yozilgan har bir hujjat, to‘g‘ri qo‘llangan har bir so‘z davlat tiliga bo‘lgan hurmatning amaliy ifodasidir.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida o‘tkazilgan mazkur diktant ham xodimlarning til savodxonligini oshirish, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish va ona tilimizning jamiyat hayotidagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri