Xo‘jaylida aholi va tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Haitov boshchiligidagi deputatlar Xo‘jayli tumanida bo‘lib, aholi va tadbirkorlarning muammolari, qishloq xo‘jaligidagi dolzarb masalalar hamda hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab «CAKE BUMER» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi.
2007-yilda tashkil etilgan korxona bugungi kunda ishlab chiqarish, savdo, ombor, logistika, moliya, kadrlar, marketing va SMM yo‘nalishlarini qamrab olgan 27 ta bo‘limni birlashtirgan. Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot tumanlari, shuningdek, Nukus shahrida korxonaning savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyat yuritmoqda.
Korxonada 150 nafardan ziyod kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Muloqot davomida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish va eksport geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Samanko‘l ovulidagi «Shukurullayeva Tolganay» fermer xo‘jaligida tuman fermerlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni ko‘paytirish hamda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-31764]
Deputatlar Suvenli mahallasida mahalla yettiligi vakillari hamda aholi bilan ham uchrashdi. 2 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan mahallada savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish va parrandachilik yo‘nalishlari rivojlanmoqda.
Uchrashuvda hudud infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash va aholi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar davomida tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi bandligi, infratuzilma va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid masalalarga ham e’tibor qaratildi. Bildirilgan taklif va murojaatlarni mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan amaliy choralar belgilash zarurligi ta’kidlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA