Tadbirkor ayollar uchun “Bojxona ishi” o‘quv kurslari
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasida viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollarning bojxona sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda zarur bo‘ladigan amaliy bilimlar bilan ta’minlash maqsadida “Bojxona ishi” yo‘nalishi bo‘yicha masofaviy shakldagi o‘quv kursi tashkil etildi.
Mazkur o‘quv kursi Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilib, unda viloyatda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 50 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirok etdi.
Uch kun davomida bojxona institutining professor-o‘qituvchilari tomonidan tinglovchilarga bojxona sohasining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
– Mashg‘ulotlar ishtirokchilariga yuk operatsiyalarini raqamlashtirish, vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun berilgan soddalashtirishlar, tovarlarni jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartiblari, tashqi iqtisodiy faoliyatni notarif tartibga solish asoslari kabi mavzularda tushunchalar berildi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash” shu’basi katta inspektori Ilhom Ro‘zmetov.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tovarlarni qayta ishlash istiqbollari, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatlari hamda tadbirkorlik faoliyatida bojxona tartib-taomillaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Biznesni kengaytirish va xorijiy bozorlarga chiqishda bojxona sohasidagi aniq va to‘g‘ri bilimlar suv va havodek zarur, – deydi tadbirkor Zevarjon Polvanova. – Shuningdek, tadbirkorlikda har bir daqiqa va to‘g‘ri qaror muhim ahamiyatga ega. Ilgari bojxona amaliyotlariga oid ayrim jarayonlarda mutaxassis yordamiga ehtiyoj sezardik. Ushbu kurs orqali esa bevosita bojxona sohasi vakillaridan bojxona rasmiylashtiruvi va zarur hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘plab savollarimizga sodda va tushunarli tilda aniq, amaliy javob oldik. Tadbirkor ayollarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va sharoitlar bizni yangi loyihalarni amalga oshirishga va eksportimizni kengaytirishga yanada ruhlantiradi.
Kurs doirasida tinglovchilar uchun amaliy mashg‘ulot ham tashkil etilib, ular “Urganch” TIF bojxona postida bo‘ldi va amaldagi bojxona tartib-taomillari bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-31861]
Tadbir yakunida o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari