Huquqiy islohotlar jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Bugungi kunda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud ishlarini ko‘rish sifatini oshirish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash va ularni sud amaliyotiga samarali tatbiq etish dolzarb vazifalardan biridir.
Shu maqsadda Toshkent viloyati ma’muriy sudida tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish, mediatsiya, kredit nizolari hamda odil sudlov samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda viloyat ma’muriy sudi raisi D.Karimov O‘zbekiston Respublikasining mazkur jarayonlarga oid tegishli qonuni mazmun-mohiyati, unda belgilangan yangi huquqiy mexanizmlar va ularning sud amaliyotidagi ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi hamda taqdimot o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, mazkur huquqiy yangiliklar bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, sud jarayonlarining samaradorligini oshirish va protsessual kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan qator yangiliklar nazarda tutilgan.

Jumladan, ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi fuqarolar va tadbirkorlarning ma’muriy organlar qarorlari hamda harakatlarining qonuniyligiga bo‘lgan asosli ishonchini himoya qilishga xizmat qiladi. Dastlabki eshituv instituti esa ishni sud muhokamasiga puxta tayyorlash, taraflarning talab va e’tirozlarini aniqlashtirish, dalillarni taqdim etish bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida hal qilish imkonini beradi.
Shuningdek, eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmini joriy etish orqali qonunda belgilangan hollarda ishni ko‘radigan sudni avtomatlashtirilgan tizim asosida aniqlash imkoniyati belgilangan. Mazkur yondashuv sud ishlarini taqsimlashda xolislik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.

Qonunda ma’muriy organ mansabdor shaxsi yoki uning vakilining sud majlisida ishtirokini ta’minlashga doir protsessual mexanizmlar, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni sud muhokamasi jarayonida aniqlash va ular yuzasidan tegishli choralar ko‘rish imkoniyatlari hamda davlat bojini qaytarish asoslarini kengaytirish bilan bog‘liq qoidalar ham nazarda tutilgan.
Ushbu yangiliklar sudga murojaat qilish jarayonini yanada qulaylashtirish, nizolarni har tomonlama va xolis ko‘rib chiqish, shuningdek, fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Masalan, dastlabki eshituv jarayonida sud taraflarning huquqiy pozitsiyalarini aniqlashtirishi, ish uchun ahamiyatli dalillar doirasini belgilashi va protsessual masalalarni hal qilishi mumkin. Bu esa asosiy sud muhokamasini puxta tayyorlash, ishni mazmunan ko‘rib chiqishga sarflanadigan vaqtdan oqilona foydalanish va taraflarning protsessual huquqlarini ta’minlashga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, yangi huquqiy mexanizmlarning samarali tatbiq etilishi odil sudlov sifatini oshirish, sud himoyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va fuqarolar hamda tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
A.Musayev,O‘zA