Rektor va yoshlar uchrashuvida kelajak kasblari muhokama qilindi
Payshanba — Yoshlar kuni doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori, texnika fanlari doktori (DSc), professor Zafar Hakimov ishtirokida «Rektor va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbir o‘quvchilar va pedagoglar uchun mazmunli suhbat, fikr almashish hamda savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Muloqot davomida yoshlarni qiziqtirgan asosiy masalalar — kelajakda kasbini to‘g‘ri tanlash, zamonaviy mutaxassisliklarni egallash, oliy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganish haqida so‘z yuritildi. Professor Zafar Hakimov o‘quvchilarning savollariga javob berar ekan, bilim olish, muntazam izlanish va zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirish yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda institutdagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Ayniqsa, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt kabi istiqbolli sohalarga bag‘ishlangan suhbatlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqot chog‘ida ushbu yo‘nalishlarga qiziquvchi o‘quvchilar uchun institut filialidagi Kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt o‘quv markaziga ekskursiya tashkil etish, shuningdek, maktabda professor-o‘qituvchilar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Mazkur tashabbuslar yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, raqamli texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy qiziqishlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘quvchilar nafaqat kasb tanlash va ta’lim olish, balki professor-o‘qituvchilik faoliyati, ilmiy izlanishlar olib borish hamda professorlik darajasiga erishish yo‘llari bilan ham qiziqdilar. Bu esa yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi, mustaqil izlanishga intilishi va yuksak maqsadlarni ko‘zlayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuvning e’tiborga molik jihatlaridan biri astronomiya faniga qiziquvchi o‘quvchilarning tashabbusi bo‘ldi. Ular maktabda osmon jismlarini kuzatish va astronomik hodisalarni chuqurroq o‘rganish uchun teleskop zarurligini bildirdilar. Yoshlarning taklifi qo‘llab-quvvatlanib, institut tomonidan maktabga teleskop sovg‘a qilinishi ma’lum qilindi. Bu esa o‘quvchilarning ilmiy qiziqishlarini rag‘batlantirish va astronomiyaga oid bilimlarini amaliy kuzatuvlar orqali boyitish uchun yangi imkoniyat yaratadi.

— Bugungi «Rektor va yoshlar» uchrashuvi nafaqat o‘quvchilarimiz, balki biz, ustozlar uchun ham foydali bo‘ldi. Professor o‘z hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashish barobarida, ta’lim tizimida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunar o‘rganish va oliy ta’lim olish borasidagi shart-sharoitlar haqida ham ko‘plab ma’lumotlar berdi. O‘ylaymanki, bu muloqot o‘quvchilarimizni o‘z ustida ishlashga, qiziqqan sohalari bo‘yicha chuqur bilim olishga va kelajakda o‘z yo‘llarini topishga undaydi, — deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Berdiqul Qo‘ldoshov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri