Ustozlarga bag‘ishlandi
Kuni kecha Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan «Sizga ta’zim, ustozlar» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Iqtisodiyot fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirok etishdi. Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, “Shuhrat “ medali sohibi Turob Niyoz taklif etildi.
Tadbirni Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sanjar G‘oyipnazarov kirish so‘zi bilan ochib, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” ning yuksak ma’naviy ahamiyati, jamiyat taraqqiyotida ustozlarning tutgan o‘rni va mas’uliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u kafedraning shakllanishi va rivojlanishida bir necha avlod ustozlarining xizmatlari beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.

Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi 1967-yilda «Mehnatni ilmiy tashkil qilish va boshqarish» nomi bilan tashkil etilgan. Qariyb oltmish yillik faoliyati davomida kafedra mehnat iqtisodiyoti, demografiya va inson resurslarini boshqarish sohalari uchun malakali bakalavr va magistr kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Bugungi kunda kafedrada akademik Q. Abdurahmonov, professorlar G. Abdurahmonova, S. G‘oyibnazarov, F. Nazarova, A. Hayitov, A. Irmatova, I. Bakiyeva kabi ustoz hamda yuksak ilmiy va pedagogik salohiyatga ega boshqa professor-o‘qituvchilar samarali faoliyat olib bormoqda. Ular ta’lim va ilm-fan uyg‘unligini ta’minlash, yosh avlodni kasbiy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish, shuningdek, ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan shoir Turob Niyoz ustoz-shogird an’analarining ma’naviy qadriyati, yoshlar tarbiyasida so‘z san’ati va kitobxonlikning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, bugungi talaba-yoshlar ham kelajakda bilim va tajribalarini yosh avlodga yetkazuvchi ustozlar bo‘lib yetishishlari, buning uchun bugundanoq chuqur bilim olishga, o‘z ustida ishlashga va yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirishga intilishlari lozimligini ta’kidladi. Barcha ustozlarga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Shuningdek, T. Niyoz ustozlarga bag‘ishlangan va yangi yozgan she’rlaridan o‘qidi. Yaqinda chop etilgan “Men sevgan bahor” nomli yangi she’riy kitobining yozilish tarixi haqida ham so‘z yuritdi va talabalarning ko‘plab savollariga javob berdi.

Ustozlarga ehtirom va minnatdorlik ruhida o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA