28 mingga yaqin xotin-qiz daromadli mehnatga jalb etildi
Sirdaryoda xonadonbay o‘rganishlar natijasida 34 ming 409 nafar ishsiz xotin-qiz aniqlanib, ularning 27 ming 999 nafari daromadli mehnatga jalb etildi.
Shu ma’noda, xotin-qizlar bandligini ta’minlash faqat ish o‘rni yaratish bilan cheklanmaydi. Asosiy vazifa — har bir ayolning qobiliyati, qiziqishi va sharoitiga mos mehnat yo‘nalishini topish hamda uni barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.

Sirdaryoda xotin-qizlar bilan ishlash, avvalo, xonadondan boshlandi. O‘rganishlar davomida har bir ayolning kasbi, tajribasi, qiziqishi va ishlash imkoniyati aniqlandi. Shunga qarab kimdir doimiy ishga joylashdi, kimdir kasb-hunar o‘rgandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarga esa o‘z ishini boshlashi uchun zarur yordam berildi.

— Har bir xotin-qiz bilan ishlashda uning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqiladi. Asosiy maqsad faqat ishga joylashtirish emas, balki uning doimiy daromadga ega bo‘lishiga yordam berishdan iborat. Xonadonbay o‘rganishlarda aniqlangan 34 ming 409 nafar ishsiz xotin-qizning 27 ming 999 nafari daromadli mehnatga jalb etildi, — deydi Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Umida Bekmurzayeva.

Bu natijaga turli yo‘nalishlar orqali erishildi. Qishloq xo‘jaligi va fermerlik sohasida 15 ming 968 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikda yana 7 ming 127 nafar ayol daromadli faoliyatga jalb qilindi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi yo‘nalishida 2 ming 275 nafar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi orqali 1 ming 891 nafar, Qurilish, uy-joy xo‘jaligi boshqarmasi yo‘nalishida 576 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan. 148 nafar ayol esa hunarmandlarga biriktirilgan.
Bu raqamlar xotin-qizlar uchun daromad manbalari turlicha ekanini ko‘rsatadi. Kimdir qishloq xo‘jaligida mehnat qilmoqda, kimdir ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Tikuvchilik, pazandachilik, hunarmandchilik kabi ko‘nikmalarga ega ayollar esa o‘z mehnati orqali uy sharoitida ham daromad topish imkoniga ega.

Xonadonbay yondashuvning ahamiyati ham shunda — har bir oilaning sharoiti va salohiyati o‘rganilib, xotin-qiz uchun mos yo‘nalish tanlanadi. Qishloq xo‘jaligida tajribasi bor ayol shu sohada qo‘llab-quvvatlansa, kasbga qiziqishi bor xotin-qiz o‘qitiladi, tadbirkorlik g‘oyasiga ega bo‘lganlarga esa uni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Ayni paytda ishga joylashtirish bilan jarayon yakunlanmaydi. Bandlikning barqarorligi, daromadning muntazamligi va kasbiy rivojlanish uchun sharoit yaratish ham muhim. Shu bois xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishga ko‘maklashish ishlari davom etmoqda.

Eng muhimi, xotin-qizning mehnati uning iqtisodiy mustaqilligi va oila farovonligiga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri