Tennis sport turini rivojlantirish va ommalashtirishning yangi strategik bosqichi
Joriy yilning yigirma birinchi sentabrida qabul qilingan “Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori mamlakatimizda sportning ushbu turini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishda muhim huquqiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur hujjat nafaqat professional sportni qo‘llab-quvvatlash, balki sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, maktab yoshidan boshlab yosh avlodni tennisga mehr qo‘ydirish hamda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Hujjatda ikki ming o‘ttizinchi yilga qadar tennis sohasida erishilishi lozim bo‘lgan aniq strategik maqsadlar belgilab berilgan. Xususan, tennis bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini uch ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur ko‘rsatkich professional va yarim professional tizimda shug‘ullanuvchilarning sifatli o‘sishiga, ommaviylikdan professionallikka o‘tish bazasini shakllantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, trenerlar sonini ikki yuz nafarga yetkazish masalasi malakali kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish va mashg‘ulotlar sifatini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz sportchilarining Osiyoda eng kuchli beshlikka kirishi hamda tennis sport turini istiqbolli sport turlari qatoriga kiritish choralari ko‘rilishi O‘zbekistonning xalqaro sport arenalaridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Qarorga muvofiq, ikki ming yigirma oltinchi yil birinchi oktabrdan boshlab respublikamizda xalqaro va mahalliy miqyosdagi nufuzli musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi. Ular qatoriga Professional tennischilar assotsiatsiyasi, Ayollar tennisi assotsiatsiyasi hamda Xalqaro tennis federatsiyasi shafeligidagi xalqaro turnirlar kiradi. Xuddi shu tariqa, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi hamda Respublika chempionati, shuningdek, an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi “Uzbekistan open” xalqaro turniri va erkaklar o‘rtasidagi “ATP Challenger” xalqaro musobaqalari tashkil etiladi. Bu kabi turnirlarning tashkil etilishi katta tajriba to‘plash hamda yurtimizda tennis muhitini yanada jonlantirish imkonini beradi.
Qarorning istiqbolli bandlaridan biri sifatida ikki ming yigirma yettinchi yil birinchi yanvardan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturining joriy etilishini ko‘rsatish mumkin. Ushbu dastur doirasida bir qator amaliy qadamlar tashlanadi. Xususan, birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilari uchun xuddi boshlang‘ich sinflardagi kabi jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirish bo‘yicha boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu bolalarda koordinatsiya, chaqqonlik va e’tiborni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, maktablarning infratuzilmasi va o‘quvchilarning qiziqishiga qarab maxsus sport seksiyalari tashkil etiladi. Tanlab olingan maktablarning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, sport inventarlari va maxsus “tennis wall” moslamalari bilan O‘zbekiston tennis federatsiyasi mablag‘lari hisobidan to‘liq jihozlanadi. Bundan tashqari, mashg‘ulotlar hududiy sport maktablaridan kelgan mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Hujjatda sportchilar va ularni tayyorlaydigan murabbiylarning mehnatini qadrlash hamda rag‘batlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar va trenerlar uchun bir martalik pul mukofotlari miqdori quyidagicha belgilandi: sportchilar uchun oltin medal olgan taqdirda yigirma besh ming AQSH dollari beriladi. Xuddi shu tariqa, kumush medal uchun o‘n ikki ming besh yuz AQSH dollari, bronza medal uchun esa olti ming ikki yuz ellik AQSH dollari miqdorida rag‘bat puli ajratiladi. Trenerlar uchun ham xuddi shunday tartibda, ya’ni oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchini tayyorlagan murabbiyga o‘n ming AQSH dollari beriladi.
Shuningdek, kumush medal uchun besh ming AQSH dollari va bronza medal uchun ikki ming besh yuz AQSH dollari berilishi belgilangan. Bunday moddiy rag‘batlantirish tizimi murabbiylarning mas’uliyatini oshirish bilan birga, yosh sportchilarning katta sportga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Tibbiy va ilmiy tadqiqotlar tennis bilan shug‘ullanishning o‘ziga xos foydali jihatlarini isbotlagan. Xususan, yurak-qon tomir tizimi xuddi intensiv kardiotrenajyorlarda shug‘ullangani singari mustahkamlanadi. Tennis yuqori intensivlikdagi interval mashqlar qatoriga kirib, yurak urish tezligini oshiradi va qonning, ayniqsa, miya hamda mushaklarga borishini yaxshilaydi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, muntazam tennis o‘ynash yurak-qon tomir kasalliklari xavfini ellik olti foizga kamaytiradi. Umr ko‘rish davomiyligini uzaytiradi, psixologik barqarorlikni ta’minlaydi. Koordinatsiya, chaqqonlik va miya faoliyati rivojlanadi. Oyoq va qo‘l harakatlarini bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirish bosh miyada yangi neyronlarni shakllantiradi, xotirani mustahkamlaydi va keksalikda uchraydigan kasalliklar xavfini kamaytiradi. Mushak tonusi va kaloriya sarfi bir soatlik faol tennis o‘yini davomida xuddi og‘ir jismoniy mashqlar bajarilgani singari to‘rt yuzdan olti yuz kilokaloriyagacha energiyani sarflaydi.
Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi murabbiyi Pyotr Lebedning so‘zlariga ko‘ra, 4-6 yoshdan boshlab tennis bilan shug‘ullangan ma’qul.
– Boshlang‘ich tayyorgarlik to‘rt yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib, bu davrda bolalarda fazoviy mo‘ljal olish, chaqqonlik va e’tiborni jamlash ko‘nikmalari shakllantiriladi, – deydi Pyotr Lebed. – Bu davr koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish uchun juda qulaydir. Professional yo‘nalish esa yetti yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan davrda boshlanib, bolalarning jismoniy rivojlanishi raketkani to‘g‘ri tutishi va texnik elementlarni o‘zlashtirishi uchun asosiy davr hisoblanadi. Kattalar va keksalar uchun esa yosh cheklovlari yo‘q bo‘lib, dunyo tajribasida ellik yoshdan keyin ham sog‘liqni saqlash va faol hayot tarzini davom ettirish maqsadida tennis o‘ynashni boshlaydiganlar juda ko‘p.
“Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi mazkur Prezident qarori mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, yoshlarni jismoniy barkamol etib tarbiyalash hamda xalqaro maydonlarda yuksak marralarni egallagan sport davlatlari qatoriga qo‘shilish yo‘lidagi yana bir strategik qadamdir. Maktablardan boshlab tennis sport turini ommalashtirish, trenerlar va sportchilarni munosib rag‘batlantirish singari qo‘llab-quvvatlash kelgusida O‘zbekistonni jahon tennis arenalarida o‘z so‘zini aytadigan qudratli davlatga aylantirishi shubhasiz.
Mohigul Qosimova, O‘zA