“Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida o‘quvchi-yoshlarni oliy ta’lim muassasasi hayoti, harbiy ta’lim jarayoni va harbiy kasbning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab hamda Yakkasaroy tumanidagi 144-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 150 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari Jamoat xavfsizligi universiteti hududida harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng o‘quvchi-yoshlarga universitetning tarixi, faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida videolavha namoyish etildi. Mehmonlar Axborot-resurs markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ularga mavjud adabiyotlar, zamonaviy axborot resurslari va elektron kutubxona imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘quvchi-yoshlarga universitetning amaliy ta’lim bazasi ham namoyish etildi. Jumladan, maxsus majmuaviy to‘siqlar poligoni, Kavaleriya markazi hamda kursantlar yotoqxonasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
Tadbirning ko‘rgazmali qismida saf maydonida qo‘l jangi mashqlari, qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar, kinologlar hamda mutaxassis-kavaleriyachilarning mahoratlari namoyish etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Harbiy orkestrning jo‘shqin kuy-sadolari ostidagi chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Mazkur tadbir yoshlarni universitet hayoti va harbiy ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishtirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratildi.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA