2026-yilda ehtiyojmand oila farzandlari uchun 3 ming 600 ta davlat granti ajratiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri va uning o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishi yuzasidan axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatini KPI ko‘rsatkichlari asosida baholash amaliyoti joriy etilgani sohada tizimli yondashuvni ta’minlamoqda. O‘tgan 2025-yilda oliy ta’lim va fan tizimida qator ijobiy natijalarga erishildi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklarining TOP-500 ro‘yxatiga kiruvchi universitetlar bilan hamkorlikda 17 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, xalqaro reytinglarning TOP-1000 ro‘yxatiga 3 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi. Bu mamlakatimiz oliy ta’limining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir.
Ilmiy sohada professor-o‘qituvchilar tomonidan Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalarida 4 ming 514 ta maqola chop etildi. Ilmiy darajali kadrlar ulushi 50 foizni tashkil etdi. Sohaga 112 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilgan.
[gallery-27987]
Joriy 2026-yilda oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 45 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 3 ming 600 ta davlat granti ajratish, hududiy ehtiyojlardan kelib chiqib yana 1 ming 820 ta maqsadli grant yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 133 taga, TOP-1000 reytingga kirgan oliygohlar sonini 4 taga yetkazish rejalashtirilgan. “Universiada”, “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi” kabi ommaviy sport tadbirlari orqali 600 ming nafar talabani qamrab olish belgilangan.
Sohani raqamlashtirish borasida my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 19 taga yetkazish, raqamlashtirilganlik darajasini 83 foizga chiqarish vazifasi qo‘yilgan. Oliygohlar axborot-resurs markazlarini 220 mingta zamonaviy adabiyot bilan boyitish va ularning 75 foizini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Muhokamalarda deputatlar bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Jumladan, 2026-yil uchun belgilangan KPI ko‘rsatkichlarini yanada takomillashtirish, strategik yo‘nalishlarni aniq belgilash va natijadorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA