16 ta xonadonda yana ahillik va xotirjamlik qaror topdi
Oila — birgina xonadon emas. U inson qalbiga mehr, farzandlar yuragiga ishonch, jamiyatga esa ma’naviy tayanch beradigan muqaddas maskandir. Bir oilaning buzilishi ortida esa ko‘pincha ikki insonning emas, butun bir oilaning, eng avvalo, farzandlarning taqdiri turadi. Shu bois har bir oilani asrab qolish — jamiyat kelajagini asrash demakdir.
Buxoro viloyati sudi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida Kogon shahrida tashkil etilgan “Oila – jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzidir” mavzusidagi uchrashuv ana shu ezgu maqsadga qaratildi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i H. Ortiqova nikohdan ajratish bo‘yicha murojaat qilgan er-xotinlar, ularning ota-onalari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.
Uchrashuvda viloyatda joriy yilning birinchi olti oyi davomida ajrim yoqasiga kelib qolgan, turli nizolar girdobiga tushgan oilalar holati atroflicha tahlil qilindi.

Zero, statistik raqamlar oddiy raqamlar emas. Har bir raqam ortida bir xonadon, bir necha inson taqdiri, farzandlarning kechinmalari, ota-onalarning iztirobi va yillar davomida qurilgan orzu-umidlar bor. Shu nuqtai nazardan, oilaviy nizolarning sabablarini chuqur o‘rganish, muammoning ildiziga yetib borish va er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarni tiklashga ko‘maklashish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Uchrashuvning eng ahamiyatli jihati shundaki, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan umumiy muloqot bilan cheklanib qolinmadi. Har bir oilaning muammosi alohida o‘rganilib, er-xotin, ularning yaqinlari hamda mas’ullar ishtirokida yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Suhbatlarda oiladagi kelishmovchiliklarning sabablari, o‘zaro munosabatlarda yuzaga kelgan tushunmovchiliklar, farzandlar taqdiri va oilani saqlab qolish imkoniyatlari haqida ochiq fikr almashildi. Eng muhimi, tomonlarga bir-birini ayblash emas, balki eshitish, tushunish va kechirishning mazmun-mohiyati va ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Chunki ba’zan bir og‘iz samimiy so‘z, bir qadam ortga chekinish yoki bir-birini yaxshi anglash butun bir oilaning taqdirini o‘zgartirishi mumkin.
O‘tkazilgan muloqot va tushuntirishlar samarasiz qolmadi. Natijada 16 ta oilaning yarashishiga erishildi. Bu — 16 ta xonadonda yana bir bor tinchlik qaror topgani, farzandlar ota-ona mehri bag‘rida qolgani, keksalarning ko‘ngli xotirjam bo‘lgani, necha yillik oilaviy rishtalar uzilib ketishining oldi olingani demakdir.
Bugun oilani saqlab qolishga qaratilgan har bir harakat ertangi kun uchun katta ma’naviy sarmoyadir. Zero, farzand tarbiyasi, inson kamoloti, jamiyat barqarorligi va yurt osoyishtaligi avvalo oilada shakllanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri