Yoshlar mahalla taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda
Bugun mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirish va iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, mahallalarda yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgani quvonarli holdir.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mahallaning kreativ yosh tadbirkori” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Buxoro viloyati Shofirkon tumanida bo‘lib o‘tdi.
Loyiha doirasida partiya tuman Kengashi apparati rahbari Shahnoza G‘aybullayeva Ko‘rishkent mahallasida faoliyat yuritayotgan bir qator tashabbuskor yosh tadbirkorlarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv avvalida yosh tadbirkor Dilshod Jo‘rayev faoliyati ko‘zdan kechirildi. U davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, 100 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit asosida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etgan.
Bugungi kunda mazkur maskan nafaqat aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda, balki mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘lib bormoqda. Ayni paytda shoxobchada 3 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlangan.
–Avvallari o‘z ustaxonamni ochishni orzu qilardim, –deydi yosh tadbirkor Dilshod Jo‘rayev. –Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozli kredit imkoniyati bu orzuimni ro‘yobga chiqardi. Hozirgi maqsadim xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishdan iborat. Yoshlarga aytardimki, imkoniyatni kutish emas, undan foydalanish muhim.
Uning mehnatsevarligi va kasbiga bo‘lgan muhabbati sabab mijozlar soni ham kun sayin ortib bormoqda.
Tadbir davomida mahallada faoliyat yuritayotgan yana bir iqtidorli yosh tadbirkor Nuriddin Qo‘ziyevning mehnat faoliyati bilan ham tanishildi.
Nuriddin Qo‘ziyev mahallada qo‘li gul sartarosh sifatida yaxshi tanilgan. Kichik bo‘lsa-da, o‘z sartaroshxonasida aholiga zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Doimiy mijozlarga ega bo‘lgan yosh tadbirkor o‘z mehnati orqali barqaror daromad manbaini shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan.

–Har bir kasbning ortida mehnat va mas’uliyat turadi. Mijozning roziligi men uchun eng katta yutuq. Kelgusida sartaroshxonamni kengaytirish, zamonaviy jihozlar olib kelish va yosh shogirdlar tayyorlashni rejalashtirganman. Inson o‘z ishini yaxshi ko‘rsa, albatta, natijaga erishadi, – deydi Nuriddin Qo‘ziyev.
Har bir tashabbuskor yosh nafaqat o‘z kelajagini, balki mahalla va jamiyat taraqqiyotini ham belgilaydi. Bugun mehnat qilayotgan, yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etayotgan yoshlar ertangi kun iqtisodiyotining mustahkam poydevorini yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri