O‘zbekistonda 630 milliondan ortiq xarid cheki rasmiylashtirildi
O‘zbekistonda tovar va xizmatlarni raqamli hisobga olish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodlari (MXIK) orqali iqtisodiy operatsiyalarning shaffofligi ta’minlanib, elektron hujjat aylanmasi ko‘lami tobora kengayib bormoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Mahsulot (tovar va xizmatlar) yagona elektron katalogiga jami 430,3 mingta identifikatsiya kodi kiritilgan. Ularning 429 ming 472 tasi mahsulotlar, 915 tasi esa xizmatlar uchun mo‘ljallangan.
2026-yilning yanvar-may oylari davomida mamlakat bo‘yicha mazkur tizimdan faol foydalanildi. Xususan, 212,7 mingta korxona tomonidan shakllantirilgan 22,5 milliondan ortiq elektron hisobvaraq-faktura (EHF)da 83 ming 44 ta MXIKdan foydalanilgan.
Shuningdek, 177,6 mingta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan rasmiylashtirilgan 630,8 milliondan ziyod xarid chekida 135,5 mingta MXIK qo‘llanilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, MXIK tizimi tovar va xizmatlarni aniq identifikatsiya qilish, hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash, soliq hisobotlarini yuritishni yengillashtirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi esa tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish, davlat organlari bilan axborot almashinuvini tezlashtirish va iqtisodiy munosabatlarni yanada shaffoflashtirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA