O‘zbekiston va Yaponiya moliya sohasida kadrlar tayyorlashni kengaytirmoqda
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Yaponiya Moliya vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Suiti Xosoda bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida tomonlar moliya sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi va iqtisodiy siyosat yo‘nalishlarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma o‘quv dasturlarini kengaytirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Siyosiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikni mustahkamlash, moliya sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, “Tosh Tech” universiteti faoliyati doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Yakunda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, ta’lim va ilmiy sohada yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA