Voytsex Shesni: «APL chempionligini qo‘ldan chiqarganim hanuz esimdan ketmaydi»
Faoliyatimdagi eng go‘zal davr aynan «Arsenal»da o‘tgan, deb o‘ylayman
«Barselona» darvozaboni Voytsex Shesni futbolchilik faoliyatidagi eng katta armonlaridan biri haqida gapirdi.
36 yoshli polshalik posbonning aytishicha, u «Arsenal» safida qo‘ldan boy berilgan Angliya Premer-ligasi chempionligini hali ham unuta olmaydi.
«“Arsenal”da o‘ynagan mavsumlarimdan birida uzoq vaqt chempionat peshqadami bo‘lib turgandik, ammo oxir-oqibat chempionlikni qo‘ldan chiqardik.
Menimcha, o‘sha paytda biz ligadagi eng kuchli jamoa edik. Ammo tarkibimiz juda yosh va tajribasiz edi. Bu esa o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Bu voqea hanuz meni bezovta qiladi. Chunki APL chempionligi men eng ko‘p qo‘lga kiritishni istagan, ammo yuta olmagan yagona sovrin bo‘lib qolmoqda.
Shunga qaramay, faoliyatimdagi eng go‘zal davr aynan «Arsenal»da o‘tgan, deb o‘ylayman», — dedi Shesni.
Eslatib o‘tamiz, tajribali darvozabon 2017-yilda «Arsenal»ni tark etgan edi.