Umarali Rahmonaliyevning “Sabah”i safarda g‘alaba qozondi
Amaldagi Ozarbayjon chempioni “Sabah” mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritib, 6 ochkoga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonlik futbolchi Umarali Rahmonaliyev to‘p tepadigan “Sabah” Ozarbayjon Premyer-ligasining 3-turida “Araz-Naxchivan” mehmoni bo‘lib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Qabala shahar stadionida o‘tgan uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan ko‘p o‘tmay, 49-daqiqada Patrik Orfe Mbina raqib himoyasidagi xatodan unumli foydalanib, uchrashuvdagi yagona golni kiritdi.
“Sabah” bosh murabbiyi Valdas Dambrauskas jamoasi Yevrokubokdagi og‘ir uchrashuvdan keyin maydonga tushganini ta’kidladi. Uning fikricha, “Sabah” o‘yinning katta qismida ustunlik qilib, g‘alabaga munosib harakat qilgan.
Umarali Rahmonaliyev ushbu bahsni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi va maydonga tushmadi. U “Sabah”ning uchrashuv uchun qaydnomasiga kiritilgan edi.
Shu tariqa, amaldagi Ozarbayjon chempioni “Sabah” mavsumdagi ikkinchi liga g‘alabasini qo‘lga kiritib, 6 ochkoga ega bo‘ldi. Jamoa raqiblaridan bir uchrashuv kam o‘tkazgan.