Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun moddiy va huquqiy kafolatlar kengaytiriladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov qonun inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyat-ijroiya tizimini yanada takomillashtirish hamda probatsiya institutining samaradorligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytirilib, ularning vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyati belgilanmoqda.

Sudga shartli ozod qilingan shaxs zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishda advokat yoki shaxsning o‘zi iltimosnoma kiritishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniqlashtirilib, ushbu masalalarni ko‘rib chiqish mahkum istiqomat joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi sudyasi tomonidan hal qilinishi nazarda tutilmoqda.
Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi bob bilan to‘ldirilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratning huquqiy mexanizmlari, ularning majburiyatlari va nazoratni tugatish tartibi belgilanmoqda.

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslar dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilishi hamda qo‘shimcha tarzda kiyim-bosh hamda poyabzal olishi belgilanmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olish uchun ularga belgilangan pul miqdorini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish, shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va inson huquqlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA