Bir tup “kannabis” — jamiyatga jiddiy tahdid
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida o‘tkazilayotgan “Qoradori – 2026” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida yana bir xavotirli holat fosh etildi.
Shu tumanning “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 1965-yilda tug‘ilgan fuqaro M.I.ning xonadoni tekshirilganda, yordamchi xo‘jaligida 1 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi. Holat xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, ayni paytda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bir qarashda “atigi bir tup”dek tuyulgan bu holat aslida jamiyat xavfsizligiga nisbatan beparvolikning xavfli ko‘rinishidir. Chunki giyohvandlik vositalari yetishtirilishi, saqlanishi yoki tarqatilishi ortida nafaqat qonunbuzarlik, balki millat salomatligiga rahna soluvchi jiddiy tahdid mujassam.
O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda so‘nggi yillarda qabul qilingan Prezident qaror va dasturlari sohada nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha milliy dastur” ham bu boradagi ishlar qat’iy nazorat asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlayotganidek, giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Ayniqsa, mahalla va oila muhitida befarqlikka yo‘l qo‘yilmasligi zarur. Zero, bir tup “kannabis” ham ertangi og‘ir jinoyatlarga ildiz bo‘lishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri