SENAT: yalpi majlisdagi eng muhim masalalar (+video)
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlis kun tartibidan mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivoji, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim masalalar o‘rin oldi.
Yalpi majlisda bugungi murakkab davrda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash har bir mamlakat oldidagi eng ustuvor vazifa ekaniga e’tibor qaratildi.
– Davlatimiz rahbari boshchiligida kechayotgan transformatsiya jarayonlari natijasida keyingi yillarda milliy iqtisodiyotimiz qariyb uch barobarga o‘sdi, - dedi Senat raisi T.Norboyeva. – Har bir oila, har bir inson hayotini yaxshilashga ustuvor e’tibor qaratilgani bois kambag‘allik darajasi 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga pasaydi. Mamlakatimiz keyingi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘ldi. Islohotlarni izchil davom ettirish orqali yaqin besh yilda daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilingan. Buning uchun barcha imkoniyatlarimiz bor va ular to‘liq safarbar etilgan. Buni xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’tirofiga ko‘ra, yuqori iqtisodiy faollik orqali mamlakatimiz kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolmoqda. Nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
[gallery-29481]
Bunday e’tiroflar Buxoroda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillarini jamlagan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining majlisida ham yangradi.
Yalpi majlisda ma’qullangan elektron tijoratga oid qonun bilan transchegaraviy elektron tijoratda soliq tushumlari yo‘qotilishining oldi olinadi.
Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Bitimiga moslashtirishga qaratilgan qonun bilan milliy fitosanitariya tizimi xalqaro talablarga muvofiqlashtiriladi.
Bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qonun bilan “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy asos yaratildi.
Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga oid qonun bilan Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq vakolatlar esa Madaniyat vazirligiga tegishli ekani belgilandi.
Odil sudlovga erishish darajasini oshirishga oid qonun bilan eksterritorial sudlov tartibi joriy etilmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga oid qonun bilan bu boradagi javobgarlik kuchaytirildi. “G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” tashkil etganlik va uning faoliyatini ta’minlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilandi. Giyohvandlik vositalarini Internet tarmog‘i orqali tarqatish va targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida qonunga kiritildi.
Raqamli markirovkalashga oid qonun bilan tovarlarni markirovkalash tizimi joriy etiladi. Bu iste’molchilarni sifatsiz, soxta mahsulotlarni sotib olishdan himoyalashga xizmat qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyatiga oid qonunga ko‘ra, kengashlarning ijtimoiy mavqeini oshirilmoqda. Hududiy muammolarni hal etishda vakillik nazoratining ta’sirchanligi kuchaytirilmoqda.
Ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi omillar bartaraf etilmoqda. Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun moddiy va huquqiy kafolatlar kengaytirilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YV5qq38knW4" title="SYeNAT: yalpi majlisdagi eng muhim masalalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yalpi majlisning birinchi ish kuni yakuniga yetdi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Salim Obidjonov (montaj), O‘zA