Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Yangi o‘quv yiliga ustuvor vazifalar: talabalarni talabalar turar joyi hamda ijara uy-joylari bilan ta’minlash masalalari” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda aytilgan ma’lumotlar bilan cheklanib qolmasdan, OAV vakillari talabalarning yashash sharoitini bevosita joyida ko‘rish uchun filialning talabalar turar joyiga tashrif buyurishdi. Ular yotoqxonadagi xonalar, oshxona, dam olish va umumiy foydalanish joylari bilan tanishdi.

Jurnalistlar talabalar bilan suhbatlashib, yotoqxonadagi sharoit, kundalik ehtiyojlar va ularning yashash bo‘yicha fikrlarini eshitdi. Shu tariqa, muloqotda ko‘tarilgan masalalarning amaldagi holati ham joyida ko‘zdan kechirildi. Ayni paytda filialda bakalavriat, magistratura va kechki ta’lim shakllarida 969 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 310 nafari talabalar turar joyida, 34 nafari ijara uylarida, 64 nafari yaqin qarindoshlarining xonadonlarida, 243 nafari esa o‘z xonadonida yashab tahsil olmoqda.

Filial hududida 400 o‘rinli talabalar turar joyi mavjud. Davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan mazkur yotoqxonada talabalar uchun jihozlangan xonalar, oshxonalar, dam olish va ma’naviyat xonalari, sanitariya-gigiyena bloklari hamda internet tarmog‘i tashkil etilgan. Yotoqxonaga joylashish imkoniyati bo‘lmagan talabalar uchun esa ijara xonadonlariga joylashtirish va ijara to‘lovining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qo‘llanilmoqda.
Yangi o‘quv yili filial hayotida yana bir yangilik bilan boshlandi. Filialning Bo‘zatov fakulteti o‘z faoliyatini boshladi. Chorvachilikka ixtisoslashgan hududda tashkil etilgan mazkur fakultet Bo‘zatov tumani texnikumi binosida joylashgan bo‘lib, talabalar uchun yotoqxona va ovqatlanish sharoitlari ham nazarda tutilgan. Bu yerda ta’limni amaliyot bilan bog‘lash va dual ta’lim asosida hudud ehtiyojiga mos mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda.
Shunday qilib, yangi o‘quv yili filialda talabalarning ta’lim olishi bilan bir qatorda ularning yashash sharoitini o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va ta’limni amaliyot bilan yaqinlashtirishga qaratilgan yangi ishlar bilan boshlanmoqda.
Ochiq muloqotda OAV vakillari ishtirokida talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalalari ochiq muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri