Taassurotlarga boy sayohat
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va "Nuroniy" jamg‘armasi Respublika boshqaruvi tashabbusi bilan bir guruh navoiylik nuroniylar Toshkent shahriga sayohat qildi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligi, xotirjamligi va munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.

Keksalarning mazmunli dam olishi, mamlakatimizning tarixiy va zamonaviy maskanlarini ziyorat qilishi uchun imkoniyatlar yaratilayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning bir ko‘rinishidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan har yili kuz faslida “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Sayohat ishtirokchilari dastlab “Sayohat” mehmonxonasiga joylashib, poytaxtning diqqatga sazovor maskanlariga yo‘l oldi. Toshkent teleminorasi, Islom Karimov muzeyi va “G‘alaba bog‘i” majmuasiga tashriflar ularda katta taassurot qoldirdi.
Sayohatning keyingi kuni ular Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan bog‘liq tarixiy meros namunalari bilan tanishish nuroniylarga yana bir bor milliy qadriyatlarimizning beqiyos ahamiyatini his etish imkonini berdi.
Tashriflar davomida nuroniylar poytaxtdagi obodlik va bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma va yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarni ko‘rib, bugungi o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatdilar.
– Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan juda mamnunmiz, – deydi Nurota tumani Bo‘ston mahallasi faoli Abdumutal Norboyev. – Bugun poytaxtimizdagi o‘zgarishlarni, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Bu go‘zalliklarni ko‘rib, tinch va farovon hayot nasib etayotganidan shukronalik aytdik.

Albatta, nuroniylarning quvonchi va duolari ushbu ezgu ishlarning eng katta samarasidir. Zero, keksalarni e’zozlash, ularning hayotiy tajribasi va duosini olish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. Bugun bu qadriyatlar zamonaviy islohotlar bilan uyg‘unlashib, inson qadrini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar bilan boyib bormoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri