Kasbiy ta’lim yangi bosqichda (+video)
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga ikki kunlik tashrifi amalga oshirildi. Tashrif davomida hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar yaqindan tanishildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bugun Andijon viloyatida kasbiy ta’lim tizimida yangi bir bosqich boshlanmoqda. Oldinlari ayrim hollarda kasb yo‘nalishlarini hududning ehtiyojini yetarlicha chuqur tahlil qilmasdan belgilash holatlari kuzatilgan bo‘lsa, hozir bu borada yondashuv o‘zgarmoqda. Hokimliklar, tadbirkorlar va ish beruvchilarni birlashtirgan holda alohida kengashlar shakllantirilib, har bir hududning drayver sohalari o‘rganilmoqda. Shundan kelib chiqib, qaysi kasbga qancha mutaxassis kerakligi bo‘yicha takliflar shakllantirilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ana shunday loyihalardan biri — Andijon Xuanya xalqaro texnikumi. Bu texnikumning eng muhim jihatlaridan biri — uning Andijon tumanidagi sanoat hududida joylashgani. Ya’ni bu yerda asosiy maqsad shunchaki o‘quvchi tayyorlash emas, balki sanoat korxonalarining real ehtiyojidan kelib chiqib, ularga kerakli mutaxassislarni tayyorlashdir.
Bugun yoshlarga faqat diplom berishning o‘zi yetarli emas. Ular aniq bir kasbni egallashi, zamonaviy uskunada ishlay olishi va ish beruvchining talabiga javob bera olishi kerak. Belgilangan eng katta vazifalardan biri bu — aholining kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish va 2030-yilgacha bir million nafar aholini kasb-hunarga o‘qitish kabi katta maqsadlarni amalga oshirishdir. Zero, kasb — shunchaki ish emas. Kasb — insonning kelajakka ochadigan imkoniyatidir.
Muhayyo Turdaliyeva, Salimjon Obidjonov, O‘zA