Shaxmat: Georgiy Agzamov xotira turniri boshlandi
Bugun, 17-mart kuni poytaxtimizda o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirning 1-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “A” guruhida 19 ta davlatning 123 nafar, “B” guruhida 10 ta davlatning 229 nafar “aql gimnastikasi” vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro turnir nizomiga muvofiq, “A” guruhida FIDE reytingida 2200 va undan yuqorilar, “B” guruhida reyting ko‘rsatkichi 2199 gacha bo‘lganlar ishtirok etmoqda.
Turnirning “A” guruhida armanistonlik Xalk Martirosyan birinchi raqamli ishtirokchi sifatida tasniflangan. O‘zbekistonlik shaxmatchilardan Abdumalik Abdusalimov, Humoyun Begmuratov, Ortiq Nig‘matov, Muhammadzohid Suyarov kabi 40 nafar ishtirokchi mazkur guruhda g‘oliblikka da’vogarlik qilsa, “B” guruhida xitoylik Bo Li birinchi tartib raqamda keltirilgan.
Bugun o‘tadigan 1-tur bahslarida hamyurtlarimizdan Abdumalik Abdusalimov va Humoyun Begmuratov oq donalarda qozog‘istonlik Elnur Amangeldi va Aldiyar Zxauyunbay bilan, Ortiq Nig‘matov qora donalarda hamyurtimiz Akobirxon Saidaliyev bilan, Muhammadzohid Suyarov oq donalarda rossiyalik Mixail Panin bilan kuch sinashadi.
Turnirda birinchi raqamda tasniflangan armanistonlik Xalk Martirosyan ilk bahsda qora donalarda qozog‘istonlik Jahongir Bijigitov qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 10 ta turdan iborat xalqaro turnir musobaqalari 27-martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA