Sport va sarguzashtni birlashtirgan xalqaro marafon
Yurtimizda turizm va sport sohasida yana bir yirik loyiha – “Iskandar Zulqarnayn izidan” xalqaro marafoniga start berildi. Ushbu noyob marafon Navoiy va Samarqand viloyatlarini qamrab olgan bo‘lib, taxminan 200-250 kilometr masofani o‘z ichiga oladi.
Marafon Sentob qishlog‘idan boshlandi.
Mazkur marafonning o‘ziga xosligi shundaki, u sport, turizm va sarguzashtni birlashtirgan holda tashkil etilgan.

Yo‘nalish Nurota, Konimex va Qo‘shrabot tumanlari orqali o‘tadi. Ushbu hududlar cho‘l, tog‘ va keng tekisliklardan iborat bo‘lib, ekologik turizm uchun juda qulay sharoit yaratadi. Shu bois, ishtirokchilar nafaqat o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi, balki betakror tabiat manzaralaridan zavq olish imkoniga ham ega bo‘ladi.
Marafon davomida qatnashchilar hududda joylashgan muqaddas qadamjolar va qadimiy tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishadi. Bu esa tadbirning ma’naviy va madaniy ahamiyatini yanada oshiradi.

Ta’kidlash joizki, ushbu xalqaro marafon keng geografiyaga ega. Unda AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya kabi davlatlardan kelgan sport va sarguzasht ixlosmandlari ishtirok etmoqda. Turli millat vakillarini birlashtirgan mazkur tadbir do‘stlik, hamjihatlik va bardoshlilik ramziga aylanmoqda.
Marafon marshruti Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) nomi bilan bog‘liq tarixiy hududlardan o‘tishi bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, Nurota hududida joylashgan Chashma majmuasi va undagi qadimiy Nur qal’asi ushbu tarixiy shaxs nomi bilan bog‘liqligi bilan mashhur.

“Iskandar Zulqarnayn izidan” xalqaro marafoni nafaqat sport tadbiri, balki mamlakatimizning boy tabiati, tarixi va turizm salohiyatini jahonga namoyon etuvchi muhim platforma sifatida ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, u sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ekstremal va sport turizmini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri