Senat Raisi startap faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva startap loyihalari bilan shug‘ullanayotgan faol tashabbuskor yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning joriy yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat nafaqat imtiyozlar tizimini kengaytiradi, balki yoshlarning innovatsion g‘oyalariga davlat darajasida ishonch va katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Qarorga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan startaplar sonini 5 mingtaga yetkazish maqsad qilib belgilangan. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda qonunchilik organi sifatida Senatning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda HR, ta’lim va marketing sohalarida faoliyat yuritayotgan startapchilar o‘z loyihalarini taqdim etib, amaliy takliflarini bildirdi. Xususan, ijtimoiy yo‘nalishdagi hamda reproduktiv salomatlikka oid tashabbuslar alohida e’tiborga olindi.
Shuningdek, startapchilar duch kelayotgan asosiy muammolar, jumladan, moliyalashtirish, bozorga chiqish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Yoshlar parlamenti va startapchilar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Digital Leadership Program” (Raqamli yetakchilik dasturi)ni tashkil etishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA